Samarqandga qoʻshimcha dam olish kunlari 220 mingdan ortiq sayyoh keldi

10:13 06 May 2022 Jamiyat
714 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan turistik firmalar tomonidan 25-apreldan 5-maygacha “Ramazon” nomli imtiyozli turistik paket eʼlon qilingan edi.

Ramazon hayiti munosabati bilan belgilangan qoʻshimcha dam olish kunlarida yuqoridagi tashabbus samarasi oʻlaroq Samarqandni 200 ming nafardan ortiq mahalliy sayyohlar ziyorat qildi.

Samarqand viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasidan maʼlum qilinishicha, loyiha doirasida Samarqanddagi muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga kirishda 20 foizgacha imtiyoz berildi.

— Farzandlarim sayohat qilishni juda yaxshi koʻradi. Besh kunlik dam olish kuni eʼlon qilinishi bilan yoʻlga otlandik va Samarqandga keldik. Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Ulugʻbek rasadxonasi, Xoʻja Doniyor majmuasi va Shohi Zindani ziyorat qildik, — deydi Xorazm viloyati Urganch shahridan Guliston Egamova. — Samarqanddagi muqaddas, tarixiy joylarni koʻrib, bir olam taassurotlar oldik.

Roʻza kunlarida tashrif buyurgan sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida iftorlik tadbirlari uyushtirilib, mehmonxonalar, transport vositalari va ovqatlanish shoxobchalarida ham imtiyozlar, chegirmalar qoʻllanildi. Bundan tashqari bir qator madaniy dasturlar, koʻngilochar tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, 1-may kuni Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Favvoralar sayli” hamda Ramazon hayiti tadbirlarida sayyohlar ishtirok etishlari uchun sharoitlar yaratildi.

— Amakim, kelinoyim, qarindoshlarim bilan Samarqandga kelgandik. Darhol “Registon” mehmonxonasiga joylashdik, chegirma bor ekan, ancha arzon narxda xona olib, “Favvoralar sayli”ga chiqdik, — deydi Fargʻona viloyati Dangʻara tumanidan Dostonjon Mirzatillayev. — Bundan tashqari tarixiy qadamjolarni aylandik, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasida boʻlib, bu yerga oldinroq kelmaganimizga afsuslandik.

— Koʻpdan buyon oilamiz bilan Samarqandni ziyorat qilish niyatida edik. Menku, pensioner, vaqtim koʻp. Ammo oʻgʻlim Yoqubjon ishlaydi. Bir joyga chiqishga vaqti boʻlmaydi. Shu bois boʻsh vaqt topolmay, kelolmayotgandik, — deydi Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidan Abdumurod Choriyev. — Hayit munosabati bilan 5 kunlik dam olish kuni eʼlon qilinganini eshitib, men ham, oʻgʻlim ham xursand boʻldik. Mashinamizda yoʻlga tushdik, uy-mehmonxonaga joylashib, tong sahar masjidga bordim: hayit namozini Samarqandda ado etdim. Samarqandning koʻplab tabarruk joylarini ziyorat qildik.

Darhaqiqat, yaratilgan qulayliklar natijasida Samarqandga sayyohlar oqimi sezilarli ortdi. Aynan 5 kunlik dam olish kunlari viloyatga 200 ming 102 nafar mahalliy va 20 ming 11 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер