Samarqanddan 43 davlatga 75,8 million AQSH dollari miqdorida tovarlar eksport qilindi

10:46 18 Mart 2021 Iqtisodiyot
276 0

Samarqandlik tadbirkorlar tomonidan joriy yil 15-mart holatiga viloyat bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari orqali amalga oshirilgan mahsulotlar hajmi shunchani tashkil qildi.

Raqamli iqtisodiyotning uzviy bir boʻlagi boʻlgan raqamli bojxona tamoyilini keng joriy etish borasida yurtimizda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida ayni paytda bojxona organlarida 63 ta axborot tizimi va 28 ta interaktiv xizmat joriy etilgan boʻlib, bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni toʻliq avtomatlashtirilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil davomida sohada yana 16 ta axborot tizimlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Bunday imkoniyatlar eksport va import operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlarga juda qoʻl kelmoqda.

– Joriy yilning 15-mart holatiga Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari orqali tadbirkorlik subyektlari tomonidan 43 davlatga 75,8 million AQSH dollari miqdorida tovarlar eksporti amalga oshirildi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jasurbek Fayzullayev. – Oʻtgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda 22 foiz oʻsishga erishildi. Jumladan, 24,5 million dollarlik meva-sabzavot, 18,2 million dollarlik toʻqimachilik mahsulotlari xorijga sotildi. Tovarlar importi esa 194,14 million AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 million dollarga yoki 2,8 foizga kamaygan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yil boshidan buyon import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida jami 165,56 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar qoʻllanildi. Shuningdek, pandemiya sharoitida viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan 23 nafar tadbirkorlik subyektlariga 47,43 milliard soʻm miqdoridagi bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash imkoniyati berildi.

Tovarlarni noqonuniy olib kirishning asosiy shakllari va uslublari hamda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlash sxemalarini aniqlash hamda ularga chek qoʻyish borasida ham bojxonachilar tomonidan zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Huquqbuzarlik holatlarini aniqlash va oldini olish borasida olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning oʻtgan davrida 141 holatda 5 milliard 16,9 million soʻmlik tovarlar ushlab qolingan. 18 milliard 644,7 million soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblangan. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 7 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.

Bundan tashqari, yil boshidan buyon viloyat hududida tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtmasdan, sifati kafolatlanmagan qoʻlbola mahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan 1 ta yashirin sex aniqlanib, faoliyatiga chek qoʻyildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?