Samarqanddan 13 ming tonna mayiz eksport qilindi

18:52 19 Iyun 2020 Iqtisodiyot
1126 0

Jahon bozorida oʻz xaridorlarini topib ulgurgan Oʻzbekistonning quriltilgan mevalari ichida, aynan mayiz mahsulotlariga talab kundan-kunga oshib bormoqda.

Chunki Oʻzbekistonning iqlim sharoitida yetishtirilgan mayizning sifati, foydali xususiyatlari va mazasi koʻpchilik isteʼmolchilarda ijobiy taassurot qoldirgan.

Maʼlumki, iqlimimiz uzum quritish uchun nihoyatda qulay. Issiq yozning davomiyligi, nisbiy namlikning past boʻlishi, aʼlo sifatli mayiz navlarini yetishtirishga, quyoshli ochiq havoda va soyada meva quritish usullaridan keng foydalanishga, kam mablagʻ sarflab, yuqori sifatli mahsulot olishga imkon beradi.

Bugun respublikamizning deyarli barcha viloyatlaridagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan mayiz mahsulotlari eksport qilinmoqda. Samarqand viloyatining eksportyorlari ham bu borada oʻz mayiz mahsulotlari eksporti bilan jahon bozorida oʻz oʻrniga ega.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, 2020-yilning yanvar-may oylari davomida Samarqanddan umumiy qiymati 16 million AQSH dollariga teng 13 ming tonnadan ziyod boʻlgan mayiz mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Mayiz mahsulotlari asosan BAA, Turkiya, Eron va Afgʻoniston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Ayni paytda ham Samarqand viloyatida roʻyxatdan oʻtgan eskportyorlar tomonidan mayiz eksporti operatsiyalari davom etmoqda. Demak bu koʻrsatkich yanada ortishi tabiiy.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?