Samarqanddagi uchastka saylov komissiyalariga 14 mingga yaqin kishi jalb etildi

20:36 10 Sentyabr 2021 Siyosat
269 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi oʻtkazildi.

Komissiya raisi F.Toshev boshqargan yigʻilishda okrug hududidagi uchastka saylov komissiyalarining tarkibini tasdiqlash haqidagi masala koʻrib chiqildi.

Saylov kodeksiga koʻra, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh - oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Zarur boʻlgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi oʻzgartirilishi mumkin.

Uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Mazkur tartibga muvofiq, viloyatdagi tuman va shaharlar Kengashlari oʻz hududlaridagi saylov uchastkalari boʻyicha komissiyalar tarkibini shakllantirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasiga taqdim etgan.

Okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyalari tarkibini qonunda belgilangan talablar boʻyicha koʻrib chiqib, viloyat hududidagi 1111 ta saylov uchastkasi boʻyicha komissiyalar tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Viloyat boʻyicha uchastka saylov komissiyalariga 13 ming 974 kishi jalb etildi. Ularning 5929 nafari (42 foizi)ni xotin-qizlar tashkil etadi. Jami aʼzolarning 63 foizi, yaʼni 8800 nafari avvalgi saylovlarda saylov komissiyalarida faoliyat koʻrsatgan, bu borada tajribaga ega.

Faoliyat sohasiga koʻra, komissiya aʼzolarining 49 foizi (6851 nafari) xalq taʼlimi tizimi xodimlari, 19 foizi (2721 nafari) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, 15 foizi (2721 nafari) ham davlat idoralari va muassasalari xodimlari, 229 nafari nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hisoblanadi.

Mutaxassisligi boʻyicha aʼzolarning 50 foizi (7004 nafari) pedagog, 10 foizi (1430 nafari) shifokor, 6 foizi (890 nafari) iqtisodchi, 2,3 foizi (318 nafari) huquqshunosdir.

Majlisda okrug saylov komissiyasi vakolatiga taaluuqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.

Yigʻilishdan soʻng okrug hududiy matbuot markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev komissiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangani va ularning vakolatlari haqida maʼlumot berdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?