Samarqanddagi MTTda “Zukko Bolajon” fotoalbomi taqdimoti oʻtkazildi

12:04 04 Iyul 2022 Jamiyat
288 0

Foto: Xalq so‘zi

Shu kunlarda Samarqand viloyati boʻylab «Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt» shiori ostida anʼanaviy maʼnaviyat festivali oʻtkazilmoqda. Mazkur festival doirasida Samarqand shahridagi 36-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida “Zukko Bolajon” fotoalbomi taqdimotiga bagʻishlangan badiiy-musiqali bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda poytaxtimizdan kelgan bir guruh ijodkorlar, olimlar, sanʼatkorlar hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari ishtirok etdi.

—  Maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, oʻzgarishlarni eng quyi bosqich - maktabgacha taʼlim tashkilotidan boshlasak, kutilgan natijaga erishamiz, — dedi Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Nodirjon Xolboʻtayev. - Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, har bir bola - bamisoli oʻsib, kuchga toʻlayotgan, parvarishga muhtoj nozik nihol. Binobarin, uni hech qachon mehr va eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi.

Ushbu “Zukko Bolajon!” fotoalbomi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida tayyorlangan.

Tadbirda falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash instituti professori Zuhra Ismoilova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Sayyora Toʻychiyeva soʻzga chiqib, bolajonlarga samimiy tilaklarini bildirdi. Ular bugungi kunda mamlakatimizda farzandlarimiz manfaatlarini himoya qilish, jahon andozalariga muvofiq bilim olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida alohida toʻxtaldi.

Tadbir davomida “Zukko Bolajon!” fotoalbomi 36-sonli maktabgacha taʼlim muassasasiga topshirildi. Shundan soʻng sahnaga bolajonlar taklif qilindi. Ular ijrosidagi shoʻx qoʻshiq va raqslar barchani xushnud etdi.

Shuningdek, tadbir davomida soha xodimlari uchun shuʼbalarga boʻlingan holda bola tarbiyasi hamda uning maʼnaviy kamoloti xususida seminar-trening oʻtkazildi.

“Zukko Bolajon!” loyihasi doirasida fotokoʻrgazma hamda Samarqand qoʻgʻirchoq teatri tomonidan tomoshalar namoyish etildi. Kulolchilikka qiziqishi boʻlgan bolalar uchun darslar tashkil qilindi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?