Samarqanddagi «Ichki turizm yarmarkasi» boʻlib oʻtdi

12:33 02 Aprel 2024 Jamiyat
149 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz Yoʻldoshev/«Xalq soʻzi». Registon ansamblida «Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!» dasturi doirasida boʻlib oʻtgan «Ichki turizm yarmarkasi»da Respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan sayyohlik firmalari, turoperatorlar, joylashtirish muassasalari va sogʻlomlashtirish maskani vakillari, talabalar, shuningdek, Samarqand shahri mehmonlari yigʻildi.

Samarqanddagi «Ichki turizm yarmarkasi» ishtirokchilari boʻlgan Oʻzbekistonning bir qancha viloyatlaridan tashrif buyurgan yuzga yaqin tadbirkorlik subyektlari istiqbolli qoʻshma loyiha va yangi turistik mahsulotlar boʻyicha gʻoyalarni muhokama qilish, biznes hamkorlar bilan aloqa oʻrnatishga muvaffaq boʻlishdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Koʻrgazmada faqatgina sayyohlik firmalari emas, balki ularga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar ham oʻz xizmatlari, mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Ular tomonidan namoyish etilgan mahsulotlar koʻrgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

— Mirzo Ulugʻbek madrasasi hovlisida oʻtkazilgan yarmarkada yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ichki turizm boʻyicha oʻz imkoniyatlarini namoyish etib, oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻlishdi, deydi viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilshod Narziqulov. — Ushbu tadbir yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish, turizm yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Yarmarka doirasida turizm sohasini yosh kadrlar bilan taʼminlash maqsadida «Career-2024» oʻtkazildi va «Ipak yoʻli» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Samarqand turizm va madaniy meros kolleji talabalari potensial ish beruvchilardan boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishdi.

Shuningdek, yarmarka davomida tashkil etilgan madaniy-koʻngilochar dastur hamda samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlar, kiyimlar namoyishlari ham tadbir mehmonlarida alohida qiziqish uygʻotdi.

Yarmarka yakunida «Ichki turizm yarmarkasi» faol ishtirokchilari Samarqand viloyati turizm boshqarmasi tomonidan taqdirlandilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?