Samarqandda yoshlar festivali oʻz nihoyasiga yetdi

19:15 14 Iyun 2021 Jamiyat
579 0

Samarqand viloyatida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali buyuk bobokalonlarimiz Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy haykallari poyiga gul qoʻyish bilan boshlandi.

Shundan soʻng yoshlar festivaliga start berilib, u bayramona yurish marafoni bilan davom etdi. 20 mingga yaqin yigit-qizlar Registon maydonidan Universitet xiyoboni boʻylab Amir Temur haykali yonigacha harakatlandi.

Yoshlar festivali doirasida velomarafon ham tashkil etildi. Registon maydonidan boshlangan velosipedchilar musobaqasida yoshlar Shohi Zinda majmuasi, Ulugʻbek rasadxonasi va Abu Ali Ibn Sino koʻchasi boʻylab harakatlanib, yana Registon maydonida toʻplanishdi. 2 ming nafarga yaqin yigit-qizlar orasidan 10 kilometr masofani bosib oʻtib, marraga birinchilardan boʻlib kelgan 6 nafar ishtirokchiga diplom va velosiped topshirildi.

6 ta oliy taʼlim muassasasi talabalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik tanlovi qiziqarli chiqishlarga boy boʻldi. Koʻrik tanlovda uchinchi oʻrinni “Oʻzbegim” jamoasi egallagan boʻlsa, ikkinchi oʻrinni “Ilhom” jamoasi egalladi. Birinchi oʻrin «Maroqandlik bojalar» jamoasiga nasib etdi.

Samarqand shahridagi konsert zalida “Oʻzbek milliy raqslari, Sharq xalqlari raqslari, Balet raqslari” koʻrik-tanlovi ham tashkil etildi.

Yoshlar festivali doirasida shuningdek, “Family park” savdo majmuasida “Karting” musobaqasi, yoshlar oʻrtasida «Bouling» musobaqasi, “Muz ustida” oʻyinlar oʻtkazildi.

Qisqasi, festivalning 1-kunida Samarqand shahrida 13 ta, tuman va shaharlarda 30 ta tadbir va loyihalar oʻtkazildi.

Sport musobaqalari, muvaffaqqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan motivatsion uchrashuvlar, intellektual oʻyinlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, 3 kun davomida taniqli sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert dasturlari, kibersport musobaqalari, kam taʼminlangan oila farzandlarining turistik markazlarga tashriflari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga asbob-uskunalar topshirish marosimlari boʻlib oʻtdi.

Kun davomida turli loyihalar oʻtkazilib, kechki payt Kimyogarlar qoʻrgʻonida “Yoshlar kuylaganda” nomli konsert dasturi tashkil etildi. Mazkur tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi va nutq soʻzladi. Viloyatda yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan ulkan siyosiy jarayonlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berdi va festival ishtirokchilari boʻlgan aziz yoshlarni yaqinlashib kelayotgan “Yoshlar kuni” hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy qutladi.

Shundan soʻng, azim Samarqandning yuragi boʻlmish Registon maydonida festivalning ramziy ochilish marosimiga bagʻishlangan madaniy tadbir boʻlib oʻtdi. Konsert dasturida Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri va boshqa sanʼatkorlar tomonidan tayyorlangan musiqali chiqishlar ishtirokchilarga oʻzgacha zavq bagʻishladi.

Samarqandda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida oʻtgan festivalning ikkinchi kunida Samarqand shahrida 11 ta, tuman va shaharlarda 6 ta, oliy taʼlim muassasalarida 39 ta tadbir va loyihalar oʻtkazildi.

Registon maydoni oldidan start olgan yugurish marafoni musobaqasida 300 nafar yosh sportchilar 10 kilometr masofani bosib oʻtib yana oʻsha joyda oʻrnatilgan finishga qaytib kelishdi.

Bahs yakunida SamDU talabasi Otabek Toshquvvatov hamda Sevara Choriyeva finish chizigʻini birinchi boʻlib bosib oʻtdi. Marraga ikkinchi boʻlib Azizbek Nasimov hamda Zuhra Amirova yetib kelgan boʻlsa, uchinchi oʻrin Alisher Ahmadaliyev hamda Eʼzoza Hoshimovaga nasib etdi. Gʻoliblarga planshet va noutbuklar sovgʻa qilindi.

Yoshlar festivali doirasida “Regal palace” mehmonxonasi hovlisida “Oʻzbekiston yoshlari, kecha, bugun, ertaga” mavzusida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yoshlar vakillari loyihalari, gʻoyalari, fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Uchrashuvda “IT-park“da faoliyat yuritadigan “SWAT” jamoasi ham ishtirok etib, oʻzlari yasan bir qancha robototexnika qurilmalarini namoyish etdi. Shulardan biri «gid-robot”. Jamoa aʼzosi - “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti talabasi Shahlo Hamroyeva taklifi bilan bu robot davraga keltirildi va u hokimga “murojaat qildi”:

— Assalomu alaykum, Erkinjon Oqboʻtayevich va yoshlar festivali ishtirokchilari! Men - gid-robot “SWAT” jamoasi tomonidan yaratilgan ixtiroman. Hozircha oʻzbek tilida gapira olaman. Agar jamoaning loyihasi qoʻllab-quvvatlansa, sunʼiy intellekt yordamida turli tillarda soʻzlab, sayyohlarga beminnat xizmat koʻrsata olaman.

Hokim “Gid-robot”ning bu murojaatini beeʼtibor qoldirmasligini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvda Kattaqoʻrgʻon shahrida yashovchi, Xitoyning Nanjing fan va texnologiyalar universiteti talabasi Doston Eshonov quyidagi taklif bilan chiqdi.

— Oʻtgan galgi uchrashuvda «Alkotestor» qurilmasini yaratganim haqida gapirgandim, — deydi yosh ixtirochi. - Bugungi tadbirga koʻzi ojizlar uchun “aqlli” hassa yaratib keldim. Samarqandlik yoshlar robototexnika sohasi boʻyicha respublika yoshlari orasida ilgʻor. Faqat bizga “Robototexnika laboratoriyasi” kerak boʻlyapti.

— SamDU va TATU Samarqand filiali hamkorligida ushbu laboratoriyani tashkil qilamiz, — dedi hokim. - Shuningdek, xabarim bor, ixtirochi yoshlarimiz kerakli boʻlgan koʻpgina ehtiyot qismlarni Toshkentdan olib keladi. Laboratoriya yonida robototexnika ehtiyot qismlari doʻkonini ham ochamiz.

“Hokim va yoshlar” uchrashuvida viloyat hokimi 3 nafar startap loyihasi gʻolibini maxsus sertifikat bilan, yoshlar yetakchilaridan 2 nafarini faxriy yorliq bilan taqdirladi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlardan 20 nafari viloyat hokimi stipendiyasiga sazovor boʻldi. Ularga 6 oy davomida 1 million soʻmdan stipendiya olish huquqini beradigan sertifikatlar topshirildi.

Yoshlar festivali doirasida oʻtkazilgan “Viloyat hokimi fan olimpiadasi”da 14 ta fandan 1576 nafar 10-11-sinf oʻquvchilari oʻnta oliy oʻquv yurtlarida oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev va viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Zebiniso Shodiyevalar bilan birgalikda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan festival doirasidagi fan olimpiadasi jarayonlarini kuzatib, oʻquvchi yoshlar bilan muloqotda boʻldi.

Oliy oʻquv yurtlari rektorlari, professor-oʻqituvchilariga ularning bilimini xolisona baholab, eng munosiblarini kashf etish boʻyicha tavsiyalar berdi. Fan olimpiadasi yakunida gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Qoʻshrabot tumanining Qoʻrgʻon qishlogʻidagi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli muzey-majmuasida baxshilar koʻrik-tanlovi ham oʻtkazildi. Unda 50 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Ular orasida qoʻshrabotlik 2 yoshli qiz Nilufar Togʻaymurodova ham oʻz mahoratini sinab koʻrdi. Qatnashchilar orasida samarqandlik baxshilaridan tashqari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan yoshlar ham boʻldi.

Tanlov yakuniga koʻra, 1-oʻrin qoʻshrabotlik Bobobek Rahmatovga nasib etdi. 2-oʻrinni Past Dargʻom tumanidan Javlonbek Shariboyev hamda bulungʻurlik Firdavs Suyunboyev, 3-oʻrinni bulungʻurlik Zahriddin Suyunboyev va nurobodlik Muhammadjon Shavkatov qoʻlga kiritdi.

Mazkur festival doirasida Samarqand shahridagi “Chorsu” galereyasida “Amir Temur oʻyinlari” sport musobaqasi oʻtkazildi. Tadbirda viloyat, tuman shahar hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, yosh sportchilar, keng jamoatchilik vakillari hamda 2000 ga yaqin oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi. Musobaqada ishtirokchilari koʻp kurash, armrestling, tosh koʻtarish, arqon tortish kabi shartlar boʻyicha bellashdi. Musobaqa gʻoliblari Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Festival shukuhi polvonlarni ham chetlab oʻtmadi. Samarqand shahridagi yakka kurash turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida milliy kurash musobaqasi boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida tuman-shahar vakillaridan tarkib topgan 16 ta jamoa chiqishi namoyish etildi. Xalqaro toifadagi sport ustalari mahorat mashgʻulotlari oʻtkazdi. Viloyat hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda kurash federatsiyasining hududiy boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda oʻsmir-yoshlar viloyat prokurori kubogi uchun bellashdilar.

Nurobod tumanining Jarquduq mahallasidagi Jarquduq “Choʻpon otarida suhbat” mavzusida chorvador-choʻponlar va yosh choʻponlarning gulxan atrofidagi davra suhbati “Nurli el chorvadori” MCHJga qarashli “Fayzobod” otarida boʻlib oʻtdi. Tadbirda choʻponchilik kasbiga qiziquvchi tumandagi yoshlar ishtirok etishdi. Ularga chorvachilik va choʻponchilik sohasining sir-asrorlaridan soʻzlovchi koʻrgazmalar taqdimot qilinib, ishtirokchilar uchun ot va tuyalarda sayrlar tashkil qilindi. Gulxan yoqilib, tajribali chorvador-choʻponlar va yosh choʻponlar tomonidan gulxan atrofida yigʻilgan oʻgʻil-qizlarga ushbu kasbning mashaqqat va qiyinchiliklari, shuningdek ushbu kasb orqasidan topilgan rizq-roʻz va muvaffaqiyatlar haqida soʻzlab berishdi.

Suhbatda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador” unvoni sohibi, “Olgʻa” chorvachilik xoʻjaligining bosh choʻponi Mashrab Toʻrayev ham ishtirok etib, yigʻilganlarga oʻzining hayotiy tajribasi, ushbu kasbning qiyinchiliklari va muvaffaqiyatlari toʻgʻrisida aytib oʻtdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga tajribali chorvador-choʻponlar tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir davomida baxshilar tomonidan kuylangan qoʻshiq va xalq ogʻzaki ijodi namunalari yigʻilganlar kayfiyatiga xushkayfiyat ulashdi.

Samarqand shahridagi Qorasuv massivi hamda “Nurafshon” sanʼat saroyida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar kuylaganda” nomli konsert tashkil etildi. Elimiz suygan sanʼatkorlar Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti Mardon Mavlonov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Alisher Fayz va Ulugʻbek Rahmatullayev va Lola Ahmedova, xonanda Ozoda Ahmedova, Ravshan Sobirov, Sevinch Moʻminova va “Sitora” guruhi hamda boshqa bir guruh sanʼatkorlar ijrosidagi qoʻshiqlar yoshlarning maroqli dam olishiga xizmat qildi.

Samarqand shahridagi “Moʻjiza” amfiteatrida gala-konsert boʻlib oʻtdi. Unda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi va “Viloyat hokimi fan olimpiadasi” gʻoliblarini qutlab, munosib taqdirladi.

Samarqandda oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivalida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻz atrofiga yana ham koʻp iqtidorli, bilimdon yoshlarni birlashtirdi. Samarqand shahridagi «Bogʻishamol garden» bazmgohida tashkil etilgan intellektual oʻyinda har bir tuman yoshlaridan iborat jamoaga tuman-shahar hokimlari sardorlik qildi. Murosasiz kechgan bahslarda narpaylik yoshlar gʻolib boʻldi. Samarqand shahri jamoasi ikkinchi, Kattaqoʻrgʻon tumani yoshlari uchinchi oʻrinni egalladi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov gʻoliblarni qutladi va sovgʻalar bilan taqdirladi.

Festivalning boshqa viloyatlarda oʻtgan loyihalardan farqli jihatlari toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, avvalo viloyatda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida har bir tuman va shahar hokimlari sardorligida tuzilgan jamoalardan iborat tarkibda “Zakovat” intellektual oʻyishlari oʻtkazildi, - deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Xurshid Ochilov. - Shuningdek, “Oʻzbekiston yoshlari-kecha, bugun va ertaga” shiori ostida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi va uchrashuvda viloyat hokimi stipendiyasi va startap loyihalar gʻoliblarini taqdirlash marosimlari tashkil etildi.

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Samarqandda oʻtgan yoshlar festivalining uchinchi kuni ham rang-barang uchrashuv va loyihalarga boy boʻldi.

Festival doirasidagi tadbirlarda jismoniy imkoniyati cheklangan yigit-qizlar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Samarqand tumanidagi Konigil turizm qishlogʻida nogironligi boʻlgan yoshlar oʻrtasida sportning shaxmat turi boʻyicha tashkil etilgan musobaqada viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 40 nafarga yaqin 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar ishtirok etishdi.

- 15 yildan buyon sportning shaxmat turi bilan shugʻullanib kelaman, - deydi Oqdaryo tumanida yashovchi 1-guruh nogironi Akbar Ibragimov. - Koʻpgina musobaqada ishtirok etib, gʻolib boʻlganman. Shaxmat aqlni charxlaydi. Jismoniy imkoniyatim cheklangan boʻlsada, xotiram yaxshi, katta sheʼrlarni 2-3 oʻqishda yodlab olaman.

Yoshlar festivali doirasida “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”da tadbirkorlikka qiziquvchi yigit-qizlar uchun “Biznes marafon” oʻtkazildi. Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 200 nafardan ortiq yoshlar tadbir davomida “YEC GILAM”, “MIKRO METAL”, “IDEAL ELECTROLUX” korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tajribali tadbirkorlar yoshlarga muvaffaqiyatga erishish sirlari haqida soʻzlab berishdi. Shuningdek, marafon doirasida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi va banklar faoliyatiga oid koʻrgazma ham tashkil etildi.

Yoshlar festivali doirasida Oqdaryo tuman markaziy Istirohat bogʻining Humo amfiteatrida sportning “MMA” turi boʻyicha musobaqa ham tashkil etildi.

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivalining Samarqand xalqaro aeroporti yonidagi maydonda oʻtgan yakuniy galakonsertida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevlar ishtirok etdi. Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan oʻtkazilayotgan festivalning yakuniy qismida 30 mingga yaqin yoshlar qatnashdilar. Tadbirda faol yoshlar va ularni qoʻllab-quvvatlashda tashabbus koʻrsatgan rahbarlar ham taqdirlandilar.

— Bu festival viloyat yoshlarining bir umr xotirasida qoladi. Buning uchun biz barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga harakat qildik, — deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Husan Toʻxtayev. — Koʻrib turibmizki, shu kunlarda viloyatimizda barcha saʼy-harakatlar yoshlarimiz uchun boʻlib turibdi va buni bevosita mazkur festival orqali ham bilish qiyin emas. Viloyat yoshlarining yetakchisi sifatida barcha yoshlarimizni bundan keyin ham faol boʻlishga chorlab qolaman.

Yoshlar festivalining yakuniy tadbirida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasiga samarqandlik yoshlarning innovatsion gʻoyalari va Startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1 milliard soʻmlik sertifikat topshirdi.

Uch kun davomida oʻtkazilgan tadbirlarga viloyatning 1 millionga yaqin yoshlari qamrab olindi. Eng asosiysi festival doirasida oʻtgan tadbirlarga “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari, ishsiz yoshlar, profilaktik-probatsiya hisobiga olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar keng jalb qilindi.

Xullas, Samarqandda 11-13-iyun kunlari oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali doirasida viloyatning shahar va tumanlarida yuzdan ziyod madaniy-maʼrifiy, sport tadbirlari hamda turli yoʻnalishlarda koʻrik-tanlovlar, faol yoshlar, harbiylar, uyushmagan yoshlar ishtirokida juda koʻplab loyihalar, qator ajoyib uchrashuv va tadbirlar oʻtkazildiki, ular barcha yoshlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
("Xalq soʻzi")

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?