Samarqandda yoshlar festivali boʻlib oʻtadi

18:14 10 Iyun 2021 Jamiyat
611 0

Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da 11-13-iyun kunlari viloyatda oʻtkaziladigan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivaliga tayyorgarlik jarayonlari boʻyicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi, Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosarlari Xurshid Ochilov, Botir Nurullayev, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Husan Toʻxtayevlar yoshlar festivali doirasidagi tadbirlar xususida ishtirokchilarga batafsil axborot berdilar.

Qayd etilganidek, viloyatda 11-13-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Yoshlar festivali doirasida 103 ta madaniy-maʼrifiy, sport tadbirlari hamda turli yoʻnalishlarda koʻrik-tanlovlar oʻtkaziladi. Jumladan, Festivalning 1-kuni Samarqand shahrida 13 ta, tuman va shaharlarda 30 ta, 2-kuni Samarqand shahrida 11 ta, tuman va shaharlarda 6 ta, oliy taʼlim muassasalarida 39 ta, 3-kuni 4 ta tadbir va loyihalar oʻtkaziladi.

Festivalda, sektorlar kesimida sport musobaqalari, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan motivatsion uchrashuvlar, intellektual oʻyinlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, 3 kun davomida taniqli sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert dasturlari, kibersport musobaqalari, kam taʼminlangan oila farzandlarining turistik markazlarga tashriflari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga asbob-uskunalar topshirish marosimlari boʻlib oʻtadi.

Uch kun davomida oʻtkaziladigan tadbirlarga viloyatning 1 millionga yaqin yoshlarini qamrab olish rejalashtirilgan. Eng asosiysi festival doirasida oʻtadigan tadbirlarga “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari, ishsiz yoshlar, profilaktik-probatsiya hisobiga olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qamrab olish maqsad qilingan.

Festival Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek haykali poyiga turli sohalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar ishtirokida gul qoʻyish marosimlari hamda Registon maydonidan universitet xiyoboni boʻylab Amir Temur haykali ortigacha yoshlarning bayramona yurishi bilan boshlanadi.

— Festivalning boshqa viloyatlarda oʻtayotgan loyihalardan farqli jihatlari toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak. avvalo viloyatda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida har bir tuman va shahar hokimlari sardorligida tuzilgan jamoalardan iborat tarkibda “Zakovat” intellektual oʻyishlari oʻtkaziladi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari X. Ochilov. — “Oʻzbekiston yoshlari-kecha, bugun va ertaga” shiori ostida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtadi va uchrashuvda viloyat hokimi stipendiyasi va startap loyihalar gʻoliblarini taqdirlash marosimlari tashkil etiladi.

Har bir hududning imkoniyatidan kelib chiqib va azaldan ota-bobolarimizdan qolgan boy maʼnaviy meroslarni kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida Nurobod tumanida “Choʻpon otarida suhbat” mavzusida chorvador-choʻponlar va yosh choʻponlarning gulxan atrofidagi davra suhbati oʻtkaziladi.

Registon maydonida rasmiy ochilish marosimi va konsert dasturi, Samarqand shahrining Qorasuv massivida “Zamonaviy qoʻshiq va raqs” shou dasturi, festival yakuni boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Samarqand xalqaro aeroporti maydonida katta gala-konsert dasturi namoyish etiladi.

— Bu festival viloyat yoshlarining bir umr xotirasida qolishi kerak va buning uchun biz barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyormiz, — deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi H.Toʻxtayev. — Koʻrib turibmizki, shu kunlarda viloyatimizda barcha saʼy-harakatlar yoshlarimiz uchun boʻlib turibdi va buni bevosita mazkur festival orqali ham bilish qiyin emas. Viloyat yoshlarining yetakchisi sifatida barcha yoshlarimizni mazkur festivalda faol ishtirok etishga chorlab qolamiz.

Anjuman davomida jurnalist va blogerlar tomonidan ham qator fikr-mulohazalar bildirildi hamda ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?