Samarqandda yangi tonnel qurilishi boshlandi

Foto: Халқ сўзи
Avvalroq xabar berganimizdek, “Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish” boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan investitsion loyiha asosida Samarqandda ikkita tonnel, ikkita koʻprik, yoʻllar va suv inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha uchun davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 300 million AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlari ajratilishi belgilangan.

Bugungi kunda shaharning Gagarin va Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasida qazish ishlari olib borilib, uzunligi 44 metr boʻlgan tonnel qurilishiga kirishildi. Ushbu loyiha «Meʼmor Oʻtkir Chovka LLC” (Oʻzbekiston) & “Shaanxi Road and Bridge Group Co., Ltd” (Xitoy) - konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Hozirda chorrahada bosqichma-bosqich elektr energiyasi hamda aloqa tarmoqlarini koʻchirish ishlari olib borilyapti. Ayni paytda chuqurligi 5 metr, eni 190 santimetr boʻlgan xandaq qazilib, suv oqova tarmoqlarini oʻtkazish uchun beton quvurlar tashlanmoqda.

— Qurilish ishlarida 5 nafar xitoylik va turkiyalik malakali mutaxassislar ham yaqindan yordam beryapti, — deydi loyihaning texnika xavfsizligi boʻyicha muhandisi Alisher Umidov. — Hozirgacha 170 metrdan ziyod masofadagi eski kommunikatsiya tarmoqlari xavfsiz hududga koʻchirildi.
Obyektda viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali, “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ mutaxassislari oʻzlariga belgilangan hududlarda mehnat qilmoqda.
Asosiy qazish va kavlash ishlari Toyloq tumanidagi “Shuhrat Qambarov gaz servis” xususiy korxonasi ishchilari zimmasiga yuklatilgan.

— Hududni tozalab, xandaq kavlashda yer ostida koʻmilib ketgan, biroq ayni paytda ishlab turgan kommunikatsiya va oqova, elektr energiyasi tarmoqlarini chiqarib olish biroz qiyin boʻlmoqda, — deydi “Shuhrat Qambarov gaz servis” xususiy korxonasi rahbari Sh.Qambarov. — Ammo maxsus texnikalar va tajribali mutaxassislar yordamida bu ishlarni amalga oshirib kelyapmiz.
Shuningdek, qayd qilingan loyiha doirasida Gagarin va Rudakiy koʻchalari kesishmasida uzunligi 50 metr boʻlgan yana bir tonnel, Gagarin koʻchasidagi temir yoʻl ustida 78 metr, Siyob kanali ustida 165 metr boʻlgan 2 ta koʻprik qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur hududlardagi barcha kommunikatsiya tizimlari koʻchirilib, avtomobillar va piyodalarning xavfsiz harakatlanish sxemalari tasdiqlanganidan soʻng bosqichma-bosqich qurilish ishlari boshlanadi.

Bundan tashqari yoʻllar qurilishi ham rejalashtirilgan. Xususan, Amir Temur koʻchasining Boʻstonsaroy koʻchasidan Gagarin koʻchasigacha 2,3 kilometr hamda Gagarin koʻchasining Gulobod koʻchasidan M-37 avtomobil yoʻligacha 9,2 kilometr qismi qurilib, rekonstruksiya qilinadi.
Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilishda suv inshootlari qurilishi ham koʻzda tutilgan. Jumladan, 6 ta nasos stansiyasi, 2 ta suv inshootlari rekonstruksiya qilinadi. Jami 11,2 kilometr, shundan Amir Temur koʻchasida Boʻstonsaroy koʻchasidan Gagarin koʻchasigacha 2,3 kilometr hamda Gagarin koʻchasida 8,9 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda Amir Temur koʻchasining Gagarin koʻchasi kesishmasidan Boʻstonsaroy koʻchasiga qarab qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- Endi taʼlim granti talabalarning oʻzlashtirishiga qarab har yili qayta taqsimlanadi
- AQSHda jurnalist qiz Trampning yuziga mikrofon bilan urib yubordi (+video)
- Oʻzbekistonda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanadi
- “Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring