Samarqandda Vatan himoyachilari kuni keng nishonlandi

20:27 14 Yanvar 2022 Jamiyat
539 0

Foto: Халқ сўзи

Milliy bayramlarimiz taqvimida alohida oʻrin tutuvchi 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi tantanalari Samarqand viloyatida ham uyushqoqlik bilan nishonlandi.

Viloyat hokimligi, jamoatchilik vakillari va harbiylar Samarqand shahridagi Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, ulugʻ bobokalonimiz siymosi oldida hurmat bajo keltirdilar. Tadbir doirasida Koʻksaroy maydonida harbiy parad, texnikalar, qurol-aslaha va anjomlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Harbiy paradda Vatan himoyachilari va ularning ixtiyorida boʻlgan harbiy-texnika vositalari keng ommaga namoyish qilindi. Shuningdek, harbiylarning koʻchma palatkalari qad rostlab, dala mashgʻulotlari, harbiylar yashash sharoitidan lavhalar taqdim etildi.

Tadbirda qatnashgan samarqandliklar bevosita harbiylarimiz tomonidan boshqarilayotgan bugungi texnika vositalari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Viloyat Yoshlar markazida esa sana munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unga Qurolli Kuchlar safida xizmat qilib, Vatan himoyasidek sharafli ishda safdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan fidoyi xodimlar, harbiylar, ularning oilalari hamda faxriylar taklif etildi.

Tadbirda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari J.Oʻroqov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shundan soʻng bir guruh harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlariga faxriy yorliq. esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.

Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar barchaga yanada xush kayfiyat ulashdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?