Samarqandda turizm mavsumi ochildi

Samarqandda sayyohlik mavsumining boshlanishi munosabati bilan “Samarqand — turizm markazi” shiori ostida madaniy-koʻngilochar tadbirlar oʻtkazildi. Kuy-qoʻshiq, turli tanlov, viktorinalar, shou chiqishlar tashkil etildi.
Samarqandda turizm mavsumi, avvalo, viloyat ahli va mehmonlar uchun qator chegirma va imtiyozlar bilan boshlandi. Bugun Samarqanddagi barcha tarixiy obidalarga kirish aholi uchun bepul, shuningdek, viloyat musiqali drama teatrida tomoshabinlarga bepul spektakl namoyish etilmoqda. Qolaversa, Navroʻz ayyomi kunlari mahalliy aviareyslarda 50 foiz, temiryoʻl transportida 15 foiz chegirmalar boʻlishi belgilangan. Mahalliy turizmni rivojlantirish yoʻlida ziyorat turizmini ommalashtirish bilan birgalikda yangidan-yangi sayyohlik yoʻnalishlari tashkil etilmoqda. Xususan, Konigilda tashkil etilgan turizm qishlogʻi nafaqat xorijlik, balki mahalliy sayyohlar uchun ham tomosha qilishga, qaysidir maʼnoda etnik tariximizni oʻrganishga ham yordam beradi.
Marosimda yigʻilganlarga raqamlar tarqatildi. Lotereya tarzida oʻtkazilgan oʻyinda raqamlari chiqqan omadli ishtirokchilar Toshkent, Buxoro kabi viloyatlarga ikki kishilik sayohat chiptalari bilan taqdirlandi.
— Bunday yutuqni hecham kutmagandim, — deydi Registon mahallasidan kelgan Feruza Abdullayeva. — Mahallamiz faollari “Temir daftar”dagi oila aʼzolarini shu bayramga olib kelishgandi. Maza qilib tomosha qildik. Toshkentga bepul sayohat ayollar bayramiga kutilmagan sovgʻa boʻldi.
Xonandalar ishtirokidagi kuy-qoʻshiq, sahna koʻrinishlari, viloyat musiqali drama teatri aktyorlari ijrosidagi “Amir Temur va elchilar” nomli sahna koʻrinishlari ishtirokchilarga bayram kayfiyatini ulashdi.
Xullas, Samarqandda turizm mavsumining bu taxlit ochilishi ilk bor kuzatildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring