Samarqandda tibbiyot oliygohlari talabalari oʻrtasida V Xalqaro olimpiada boʻlib oʻtdi

10:39 16 Dekabr 2024 Jamiyat
297 0

Yurtimizda barcha sohalar singari sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish va tibbiy taʼlim sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa mamlakatimizda bir qator yetakchi davlatlarning rivojlangan tibbiyoti bilan tanishish va ular bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga hamda yurtimizda tibbiyotning zamonaviylashuviga xizmat qilyapti.

Bu borada yurtimizda hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga loyiq. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham tibbiy xizmat va taʼlimni rivojlantirishda koʻzga koʻrinarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning 13-14-dekabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining V Xalqaro olimpiadasi tashkil etildi. Universitet tashabbusi bilan har yili anʼanaviy tarzda tashkil etilib kelinayotgan mazkur bilimlar bellashuvi nafaqat talabalar va yosh tadqiqotchilarning bilim hamda malakalarini sinovdan oʻtkazish va ularni munosib taqdirlashga balki, xalqaro doʻstona munosabatlarning yanada mustahkamlash, tibbiyot sohasida jahonning bir qator mamlakatlari bilan yangidan yangi hamkorlik aloqalarining oʻrnatilishiga ham turtki boʻlmoqda.

Yuqori saviyada tashkil etilgan bu galgi olimpiadada yurtimiz hamda Germaniya, Malayziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Ukraina va Belorussiya, Janubiy Koreya kabi jahonning yigirmaga yaqin davlatlarining yuzdan ziyod tibbiyot oliygohlaridan 730 nafardan ortiq talabalar offlayn, 4000 nafarga yaqin onlayn tarzda ishtirok etdi. Bellashuvlarni xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda koʻplab professor-oʻqituvchilar kuzatib bordi.

Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda bir qator xorijiy tibbiyot oliygohlari rektorlari beshinchi bora tashkil etilayotgan xalqaro musobaqaning ahamiyati haqida soʻz yuritib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

“Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining V Xalqaro olimpiadasi doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritayotgan hamda oʻz salohiyati va mehnati bilan universitetda namuna boʻlib kelayotgan bir guruh xorijiy davlat OTM professor oʻqituvchilariga SamDTU rektori Jasur Rizayev tomonidan universitetning “Faxriy professori” unvoni topshirildi.

Oʻzbek, rus va ingliz tillarida oʻtkazilgan xalqaro olimpiadaning asosiy qismida ishtirokchilar tibbiyotning 40 dan ortiq yoʻnalishlari boʻyicha ikki bosqichda, test sinovlari va amaliy koʻnikmalarini namoyish etish orqali bellashdilar. Shu bilan bir qatorda anʼanaviy tarzda qatnashayotgan 730 dan ortiq talabalar oʻz amaliy bilimlarning jahon standartlari talablariga javob beruvchi 7-avlod simulyatsion robotlari orqali oʻzi koʻnikmalarini sinovdan oʻtkizdilar. Olimpiada doirasida Oʻzbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining oʻquvchilari oʻrasida xalqaro olimpiada tashkil qilindi.

Shuningdek, talabalar uchun chet ellik va mamlakatimizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlangan mahorat darslari, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun xorijiy tibbiy OTMlari rektorlarining maʼruzalari ham tashkil etildi.

Olimpiada yakunida gʻolib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер