Samarqandda tibbiyot xodimlari kaltaklandi

19:34 19 Iyul 2021 Jamiyat
706 0

Joriy yilning 15-iyul kuni soat taxminan 22:30 da Samarqand viloyati Pastdargʻom tumani “Zarbdor” oilaviy shifokorlik punktida joylashgan tez tibbiy yordam boʻlimiga tumanning “Qoʻshquduq” mahallasida yashovchi fuqaro X.M. mast holda keladi va 22 yoshli oʻgʻli M.J. betob ekanligini aytib, shu kuni oʻz navbatchiligini oʻtayotgan shifokor T.F. va feldsher N.I.lardan tezda uning yashash manziliga borishni aytadi. Biroq bemor manziliga otlangan tibbiyot xodimlari birinchi yordam qutisini olishga ulgurmasdan telefon orqali boshqa bir manzildan chaqiruv boʻladi.

Navbatchi feldsher N.I. telefon orqali chaqiruvni rasmiylashtirish vaqtida fuqaro X.M. betoqatlik bilan feldsher N.Ini haqoratlab, unga qoʻl koʻtaradi. Soʻng kaltaklangan feldsherni ish joyida qoldirib, shifokor T.F.ni mashinasiga oʻtirishga majburlaydi. Yashash manziliga borgach shifokorni ham haqorat qila boshlaydi. Bunga ham qanoat qilmagan “mushtumzoʻr” tez tibbiy yordam boʻlimi shifokori T.F.ni xizmat vazifasini oʻtayotgan vaqtda ayovsiz kaltaklaydi.

Shundan soʻng shifokor T.F. zudlik bilan Pastdargʻom tuman tibbiyot birlashmasining travmatologiya boʻlimiga olib kelingan.

Tibbiy tekshiruv davomida 1988-yilda tugʻilgan shifokor T.F.ga bosh miya jarohati, jumladan, bosh miya chayqalishi, pastki lab ichki yuzasida urib yirtilishi hamda koʻkrak qafasi yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi tashxisi qoʻyilgan. Ayni paytda unga shifokorlar tomonidan statsionar sharoitda zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilmoqda.

Shuningdek, 1978-yilda tugʻilgan navbatchi feldsher N.I.ga burun suyagining yopiq sinishi kabi jarohatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy yordam koʻrsatildi.

Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan fuqaro X.M. ga nisbatan esa qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi va hozirda mazkur holat yuzasidan tuman huquq tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, joriy yil 1-mart kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali tez tibbiy yordam shifokori X.Mga xizmat vaqtida fuqaro D.O tomonidan qilingan tajovuz uchun 2021-yil 16-martdagi sud hukmiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasining tegishli qismi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan va hozirda fuqaro D.O jazo muddatini oʻtamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?