Samarqandda “Temir daftar”dagi 2 mingta oila xonadoniga quyosh panellari oʻrnatiladi

Foto: Xalq so‘zi
Yurtimizda qishning izgʻirinli kunlarida elektr energiya taʼminotida jiddiy muammolar kuzatildi. Ushbu holatning samarali yechimlardan biri, shubhasiz, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish ekani yana bir karra isbotini topdi. Binobarin, davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, oʻtgan yildan boshlab barcha davlat muassasalarini yashil energiyaga bosqichma-bosqich oʻtkazish ishlari boshlangan edi.
Samarqand viloyatida joriy yil davomida 6 ming 150 ta kichik quyosh fotoelektr stansiyasini oʻrnatish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda hokimliklarning maʼmuriy va yordamchi binolariga 31 ta fotoelektr stansiyasi oʻrnatish yakuniga yetayotir.
Shuningdek, viloyat, shahar va tuman tashkilotlarining 176 nafar rahbarlaridan yuz nafarga yaqini bugungi kunga qadar oʻz tashabbuslari bilan xonadonlariga quyosh batareyalarini oʻrnatishgan. Ayni chogʻda bu jarayon yanada jadallashayotgani eʼtiborga molik.
Bundan tashqari 2023-yilda viloyatdagi “Temir daftar”ga kiritilgan 2 mingta oila xonadoni viloyat byudjeti mablagʻlari hisobidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan taʼminlanadi. Bitta xonadonga 1 kVtgacha boʻlgan quyosh panellari yoki 100 litrgacha boʻlgan suv isitgich oʻrnatiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlaridan biri - bu ularning fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan sotib olinishini moddiy ragʻbatlantirishdir. Oʻtgan yilning 1-oktyabridan boshlab fuqarolar qayta tiklanadigan energiya qurilmalarini 3 yil ichida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan foizsiz sotib olishlari uchun sharoit yaratilgani quvonarli, albatta.
Bu imtiyoz qayta tiklanuvchi manbalardan keng foydalanishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida respublikamizda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalariga joriy etilgan. Agar xaridor qurilmaning toʻliq narxini qisqa muddatlarda toʻlasa, u holda kompensatsiya olish huquqiga ham ega boʻladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring