Samarqandda Soʻfi Olloyor hazratlari yashagan uy rekonstruksiya qilinadi

21:58 16 Noyabr 2020 Jamiyat
531 0

Kattaqoʻrgʻon shahri, Payariq va Tayloq tumanlaridagi sayyor qabullar ham oʻttizga yaqin soha boʻyicha muammolarni bir platformada oʻrganish, masalalarni hamjihatlikda hal qilish imkonini berdi. Prezident Administratsiyasi masʼullari, Xalq qabulxonalari, vazirliklar, qoʻmitalar, idoralar, sektorlar rahbarlari har bir murojaatni sinchiklab oʻrgandi, ularning yechimi uchun bor kuch-imkoniyatni birlashtirdi.

Shu bilan birga mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, uyma-uy yurilib, aholi muammolari oʻrganildi. Bu jarayonda aholining eng birlamchi hayotiy masalalarni hal qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Deylik, sayyor qabullarda suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib bermaslik holatlari boʻyicha shikoyatlar kelib tushdi. Murojaatlar tahlilidan soʻng viloyat uchun suyultirilgan gaz taʼminoti Qashqadaryo viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodlariga koʻchirildi. Uch kun ichida 18 ta tumandagi 32 ming 645 ta xonadonga 652,9 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. «Hududgaztaʼminot» masʼullariga esa noyabr oyi oxirigacha viloyatdagi isteʼmolchilarni toʻliq suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, qish vaqtida gaz uzilishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy topshiriq berildi.

Sayyor qabullardagi murojaatlar tahlilidan soʻng “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ masʼullariga bu boradagi murojaatlarni zudlik bilan koʻrib chiqish va hal qilish boʻyicha aniq muddatlar belgilandi. Payariq tumanining chekka qishloqlaridan biri – Madaniyat mahallasidagi transformator eskiligi bois xonadonlardagi elektr energiyasida uzilishlar koʻp, chiroq bor holatda ham xira-shira edi. Shu mahallada yashovchi Oʻktam Elomonov sayyor qabulga kelib murojaat qilgach, mahallaga yangi transformator oʻrnatilib, elektr energiyasi taʼminoti barqarorlashtirildi. Xuddi shunday oʻrganishlar asosida Kattaqoʻrgʻon tumani Kichik koʻrpa qishlogʻidagi transformatorlarni taʼmirlashga kirishildi.

Yogʻingarchilik mavsumi boshlangani Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi masʼullari oldiga ham qator muammolarni hal qilish vazifasini qoʻymoqda. Muloqotlar mobaynida bu boradagi qator murojaatlar joyiga chiqib oʻrganilgach, Kattaqoʻrgʻon shahrining Zomin mahallasi, Kattaqoʻrgʻon tumani Payshanba shaharchasi, Payariq tumani Tohirshayx mahallasidagi ichki yoʻllarga tosh-shagʻal yotqizildi. Payariq tumani Mustaqillik mahallasidagi uchta koʻchaga esa asfalt yotqizish ishlari boshlandi.

Payariqlik tadbirkor Jamshid Bozorov Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi masʼullariga tumandagi «Ohalik soy» hududidan noruda foydali qazilmalar noqonuniy qazib olinayotgani xususida murojaat qildi. Bu murojaat joyiga chiqib oʻrganilganida chindan ham bu soydan qum qazib olib, tashib ketilayotgani aniqlandi. Oʻrganishlardan soʻng aybdorlarga maʼmuriy chora koʻrildi. Shu yerning oʻzida murojaatchi bilan telefon orqali bogʻlanilib, murojaati joyida hal etilgani maʼlum qilindi.

Otabek Samadov esa oʻzi yashayotgan hudud – Samarqand shahri Farhod qoʻrgʻonidagi yoʻl boʻyi noqonuniy chiqindixonaga aylanib qolganidan shikoyat qildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi masʼullari bu muammoga ham joyida yechim topdi. Qisqa vaqtda maxsus transportlar olib kelinib, yoʻl boʻyidagi noqonuniy chiqindixona bartaraf qilindi.

Suv xoʻjaligi vazirligi masʼullariga murojaatlar asosida Kattaqoʻrgʻon tumani “Yangi ravot” mahallasidagi artezian qudugʻidagi nosozlik bartaraf qilindi. Bu bilan qator fermer xoʻjaliklari yerlarini barqaror sugʻorish imkoni yaratildi. Shuningdek, oʻrganishlardan soʻng Kattaqoʻrgʻon tumanidagi kollektorlarni tozalash ishlari ham boshlandi.

Muloqotlar davomida taʼlim bilan bogʻliq masalalarni hal qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi. Ayni paytda viloyat boʻyicha qariyb 324 ming nafar 3-7 yoshli bolalar boʻlgani holda ularning 54,5 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan. Maktabgacha taʼlim vazirligi mutasaddilari murojaatlar tahlili asosida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlarning yigʻma hujjatlarini koʻrib chiqqach, 200 dan ortiq tadbirkor mazkur vazirlik bilan bitim imzoladi. Viloyatdagi yana 10 mingdan ortiq bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish, 400 dan ziyod xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashga zamin yaratdi. Sayyor qabullarning oʻzida 14 ta davlat xususiy sherikchilik asosida bitim imzolanib, 325 nafar bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish imkoniyati paydo boʻldi.

Yana bir gap – sayyor qabullar jarayonida viloyatdagi mavjud 271 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari “Bolalar bogʻchasi” axborot boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish uchun zamonaviy noutbuklar bilan taʼminlandi. Bu bilan barcha hududdagi maktabgacha yoshdagi bolalar, sohada faoliyat yuritayotgan pedagoglar va taʼlim-tarbiya jarayoni bilan bogʻliq barcha maʼlumotning yagona elektron bazasi shakllantiriladi. Natijada bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishidagi koʻrsatgichlarni muntazam tahlil qilish orqali taʼlim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish imkoni yaratiladi. Bu esa davlatimiz rahbari ilgari surgan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishdagi eng muhim qadamlardan biridir.

Xalq taʼlimi vazirligi masʼullari esa murojaatlar asosida turli qishloqlardagi nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda yashovchi oʻquvchilar holidan xabar oldi. Bir misol – Mustafo Turopov Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 56-maktabning 10-sinfida oʻqiydi. Nogironligi bor bu boʻzbola harakatlanishga qiynaladi. Shu sabab oʻqituvchilar uning uyiga kelib dars oʻtadi. Biroq onlayn dars qilish imkoni yoʻqligi tufayli Mustafo koʻp fanlarni oʻzlashtirishga, qoʻshimcha darslar tayyorlashga qiynalayotgan ekan. Vazirlik mutasaddilarining oʻzi yoʻqlab kelib, noutbuk, oʻquv qurollari va badiiy adabiyotlar sovgʻa qilgani esa Mustafoning koʻnglini togʻdek koʻtardi.

Shu kuni Payariq tumanidagi 6-maktab oʻquvchisi, kasallik tufayli davolanayotgan Zuhra Esonboyeva ham shunday mehr-eʼtibordan bahramand boʻldi.

Madaniyat vazirligi masʼullari esa viloyatdagi chekka-olis qishlogʻu mahallalardagi eʼtibordan bir qadar chetda qolayotgan madaniy meros obyektlarida oʻrganishlar olib bordi. Kattaqoʻrgʻon shahri Majidiy koʻchasidagi mana uyda XVII asrda mashhur mutasavvuf alloma, oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi Soʻfi Olloyor yashab ijod qilgan. Mazkur sangtaroshlik namunalariyu peshtoqdagi qadimiy yozuv, naqshin ustunlar ham uch asrdan ziyod tarixga ega. Ayni paytda bu joyda mahalla idorasi joylashgan, biroq bu tarixiy obyekt aslida tayyor muzeyga asos. Madaniyat vazirligi masʼullarining oʻrganishlaridan soʻng islom maʼrifatini xalqona tilda tushuntirib bergan asarlari bilan nafaqat Markaziy Osiyoda, balki boshqa mintaqalardagi turkiy davlatlarda ham mashhur Soʻfi Olloyor hazratlari yashagan uy 2021-yilda rekonstruksiya qilinib, obodonlashtiriladigan hamda bu manzilda uy-muzey barpo qilinadigan boʻldi.

Samarqand viloyatida tashkil qilingan sayyor qabullarda 2 ming 87 nafar murojaatchining 2 ming 123 ta masalasi koʻrib chiqildi. Murojaatlarning 886 tasiga joyida yechim topildi, 230 ta murojaat egasiga tushuntirish berilgan boʻlsa, 1 mingdan ziyod murojaat boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?