Samarqandda shu yilning oʻzida 394 ta 4G mobil tayanch baza stansiyalari oʻrnatildi

11:44 31 Avgust 2020 Jamiyat
256 0

Keyingi yillarda hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Bu borada Samarqand viloyati ham ortda qolayotgani yoʻq.

Xususan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish doirasida joriy yilning shu davrigacha viloyat boʻyicha 871 kilometr optik tolali aloqa kabellari yotqizildi. Shundan Samarqand shahriga 177 kilometri tortilgan boʻlsa, Narpay tumaniga 67 kilometr yotqizildi. Hozirda viloyat boʻyicha yotqizilgan optik tolali aloqa kabellarining umumiy uzunligi 4 ming kilometrga yaqinlashdi.

— Joriy yilda viloyat boʻyicha montaj sigʻimi 37 mingdan ziyod abonentga moʻljallangan 101 ta kichik stansiyalar oʻrnatildi, — deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Azim Rahmonov. — Stansiyalarning asosiy qismi Samarqand shahriga toʻgʻri keladi. Shuningdek, 100 mingga yaqin abonent ulash imkoniyatiga ega boʻlgan 52 ta zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari va 26,3 ming portli kichik sigʻimli telekommunikatsiya uskunalari oʻrnatildi. Natijada, avtomatlashtirilgan telefon stansiyalarining umumiy montaj sigʻimi 150 mingtaga yetkazildi, keng polosali portlarning umumiy sigʻimi 280 mingga yaqinlashdi.

Ijtimoiy soha obyektlarini yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulash boʻyicha ham ishlar davom etmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatdagi 214 ta xalq taʼlimi, 237 ta maktabgacha taʼlim, 111 ta sogʻliqni saqlash obyektlariga optik tolali aloqa kabellari yotqizildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?