Samarqandda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtishidan fuqarolar qay darajada xabardor?

17:27 13 Sentyabr 2022 Jamiyat
351 0

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mamlakat fuqarolari oʻrtasida telefon soʻrovi oʻtkazdi. Unda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining shu yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan majlisiga oʻzbekistonliklarning munosabati, SHHT faoliyatining iqtisodiy jihatlari, xavfsizlik siyosati va tashkilotni kengaytirish xususiyatlari, shuningdek, dunyoda iqtisodiy va siyosiy xatar hamda tahdidlarning ortishi munosabati bilan SHHTning ishtirokchi mamlakatlari oʻzaro hamkorligining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi fikri aniqlandi.

Telefon soʻrovida mamlakat barcha mintaqalarining aholisi, erkaklar va xotin-qizlar, turli ijtimoiy qatlamlarga mansub va har xil sohalarda band boʻlgan turli millat vakillari va turli yoshdagi fuqarolar ishtirok etdilar.

Dunyoda koʻplab mintaqaviy tashkilotlar va turli xil shartnomalar mavjud. Mintaqaviy hamkorlik tashkilotlari orasida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) alohida oʻrin tutadi.

Oʻzbekiston SHHT doirasida konstruktiv va samarali hamkorlik tarafdori hisoblanadi, u tashkilotning amaliy dolzarbligi va xalqaro nufuzini oshirish maqsadida SHHTning yangi kun tartibini shakllantirishga oʻzining hissasini qoʻshishga tayyor.

Davlatimiz rahbari SHHTni yanada rivojlantirishning qator muhim jihatlarini, jumladan, Tashkilotning bloklarga qoʻshilmaslik maqomini saqlab qolish, yangi daʼvat va tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini mustahkamlash, Markaziy Osiyo uchun SHHTning “geografik yadrosi” maqomini saqlab qolish, transchegaraviy oʻzaro bogʻliqlik loyihalarini ilgari surish va Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faolroq jalb etish vazifalarini belgilab berdi.

Oʻtkazilgan telefon soʻrovi oʻzbekistonliklarning aksariyati 2022-yil sentyabr oyida Samarqandda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtishi toʻgʻrisida yetarlicha yuqori xabardorlik darajasini namoyish etganligini koʻrsatdi: 39,5 foiz fuqarolar boʻlajak muhim siyosiy voqeadan yaxshi xabardor ekanliklarini taʼkidladilar, 27,0 foiz soʻrov ishtirokchilari esa “Ha, bu haqda eshitganman” deb javob berdilar.

Tadqiqot davomida respondentlar SHHT faoliyati va ishtirokchi davlatlar rahbarlarining boʻlajak uchrashuvi ommaviy axborot vositalarida keng muhokama etilayotganligi, buning ustiga, u Oʻzbekistonda boʻlib oʻtishi tufayli ushbu siyosiy voqeaga, shuningdek, Oʻzbekistonning SHHT davlatlari bilan integratsiya jarayonlari va ular oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik hamda konstruktiv muloqotni rivojlantirish masalalariga faol qiziqish bildirayotganliklarini taʼkidladilar.

Soʻrov davomida fuqarolar SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining boʻlajak majlisi haqida maʼlumot olgan manbalar aniqlandi: 37,9 foiz respondentlar SHHT sammiti Samarqandda oʻtkazilishi haqidagi maʼlumotni Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekoʻrsatuvlaridan olganliklarini bildirdilar. Bu hol izoh talab qilmaydi, chunki bugungi kunda televideniye maʼlumot uzatishning eng mashhur vositalaridan biridir.

Shunisi eʼtiborliki, oʻzbekistonliklar xalqaro darajadagi ushbu muhim siyosiy voqea haqida axborot olgan va ahamiyati jihatidan keyingi muhim axborot kanali Internet hisoblanadi, ayni paytda taʼkidlash kerakki, soʻrovning 27,6 foiz ishtirokchilari asosiy axborot manbasi sifatida ijtimoiy tarmoqlarni (Facebook, Instagram) qayd etishgan, 24,1 foiz — SHHT sammiti haqida Telegramdan maʼlumot olgan. Telefon soʻrovi davomida olingan natijalar shuni koʻrsatdiki, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining boʻlajak uchrashuvi jamoatchilik oʻrtasida aks-sado berdi, fuqarolar uni oilasi, qarindoshlari, doʻstlari, ishdagi hamkasblari davrasida muhokama qilishmoqda (17,2 foiz).

Oʻtkazilgan soʻrov oʻzbekistonliklar Shanxay hamkorlik tashkilotining xalqaro aloqalarni rivojlantirishdagi asosiy mohiyati va ahamiyatini anglashlarini, fuqarolar SHHTga aʼzo davlatlarning barcha sohalardagi oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash har bir mamlakatdagi alohida iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshishiga, global iqtisodiy inqirozlar va iztiroblar, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va axborot tahdidlariga qarshi birgalikda qarshi turishga imkon berishiga ishonishlarini tasdiqlaydi.

“Sizning fikringizcha, SHHT faoliyatining asosiy maqsadi nimadan iborat?” degan savolga 44,8 foiz fuqarolar SHHT faoliyatining asosiy yoʻnalishi “SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiyot, savdo, madaniyat, ekologiya va boshqa sohalarda har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish”, deb javob berishdi. 41,2 foiz soʻrov ishtirokchilarining fikricha, SHHT tarkibiga kiruvchi mamlakatlarning integratsiyalashuvidagi asosiy yoʻnalishlar Markaziy Osiyoda milliy va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, terrorizm, separatizm va ekstremizm tahdidining oldini olish, mintaqada tinchlik va doimiy barqarorlikni mustahkamlashdan iboratdir.

Shuningdek, respondentlar koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik va investitsiyaviy hamjihatlik, tashkilot doirasida savdo aloqalarining maqbul rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida yangi yoʻllar va transport yoʻlaklarini qurish, ishbilarmonlar va moliyaviy doiralar oʻrtasida muloqot va toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, energetika, transport, telekommunikatsiya, kredit va bank sohasidagi koʻp tomonlama loyihalarni amaliy ragʻbatlantirishga koʻmaklashishni SHHTning ustuvor maqsadlari, deb hisoblaydi.

Soʻrovda ishtirok etgan respondentlar SHHT faoliyatining asosiy maqsadi, ularning tasavvurida, xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, mintaqada doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishdan iborat ekanini taʼkidladi. Fuqarolar aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar sohadagi hamkorlik, SHHTga aʼzo davlatlar xalqlarining oʻzaro boyib borishi va bir-birini anglashiga koʻmaklashuvchi turli madaniyat va sivilizatsiyalarning konstruktiv muloqotini SHHT faoliyatining muhim tarkibiy qismi, deb hisoblaydi.

Tadqiqot davomida fuqarolar Shanxay hamkorlik tashkiloti mavjud boʻlgan yillar davomida eng yirik xalqaro tashkilotlardan biriga aylanganini, uni tashkil etgan davlatlar jamuljamlikda siyosiy, iqtisodiy va demografik jihatdan ulkan kuch-qudratga ega ekanligini taʼkidladilar.

Fuqarolarning fikricha, SHHT bugungi kunda yuqori nufuzga egadir va mintaqadagi koʻplab davlatlar uchun jozibador hisoblanib, ishtirokchi mamlakatlarga tashkilot doirasida samarali muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratmoqda.

Bir qator davlatlarning SHHTga teng huquqli aʼzo sifatida kirishini ijobiy baholagan soʻrov ishtirokchilarining ulushi koʻpchilikni tashkil etadi, respondentlar SHHTning kengayishini “soʻzsiz ijobiy hodisa” deb biladi, chunki soʻnggi yillarda SHHT oʻzini samarali faoliyat koʻrsatayotgan xalqaro tashkilot sifatida namoyon qildi va SHHTga yangi aʼzolarning kirishi Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo davlatlar bilan koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishga, jahon bozorlari va dengiz yoʻllariga chiquvchi transport markazlariga kirishini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Oʻtkazilgan tadqiqotning koʻrsatishicha, oʻzbekistonliklar Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, ishtirokchi mamlakatlarning samarali mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi uchun shart-sharoitlar yaratish, tenglik, oʻzaro hurmat va milliy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan xalqaro huquq normalariga muvofiq SHHT makonida keng, ochiq, oʻzaro manfaatli va teng huquqli hamkorlikni shakllantirish borasidagi faoliyatini umuman ijobiy baholamoqdalar.

Telefon soʻrovi natijalarining koʻrsatishicha, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining boʻlajak uchrashuvidan oʻzbekistonliklarning ijobiy umidlari jamoatchilik fikrida ustuvorlik qiladi.

67,5 foiz fuqarolarning fikricha, boʻlajak sammitdan asosiy umid va orzularini ular mamlakatimiz, Markaziy Osiyo mintaqasi va butun SHHT makonining tinch va barqaror rivojlanishi kafolatlari bilan bogʻlashadi.

Tegishlicha har ikkinchi respondent mintaqadagi qoʻshnilar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishidan umid qilmoqda, 51,5 foiz respondentlar ishtirokchi mamlakatlar davlat rahbarlari hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan samarali qarorlar qabul qilishiga, SHHT doirasida yangi shartnomalar hamda butunlay yangi yoʻnalishlar va yangi loyihalar paydo boʻlishiga ishonadilar.

Soʻrov jarayonida 45,0 foiz fuqarolarning javobiga koʻra, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarni hal etish, zamonamizning umumiy tahdid va xavflariga birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan oʻz vaqtida javob berish imkonini beradi.

Respondentlarning uchdan bir qismi yaqin kelajakda SHHT hududida vizasiz makon tashkil etilishi, fuqarolar SHHTning har qanday davlatida erkin sayohat qilishlari, ishlash va oʻqishlari, bojxona cheklovlari minimallashtirilishi va tovarlar hamda xizmatlarning erkin harakatlanishi, oʻzaro savdoda mavjud cheklovlar bekor qilinishi mumkinligiga umid bogʻlashmoqda.

Telefon soʻrovi natijalari tahlilining koʻrsatishicha, mamlakat fuqarolari SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari uchrashuvi Samarqandda oʻtkazilishiga ijobiy munosabatda boʻlib, ular mamlakatimiz, mintaqa va butun dunyodagi ishlarning mavjud holatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muhim tarixiy voqeaning guvohi boʻlishayotganini taʼkidladilar. 65 foiz soʻrov ishtirokchilarining hisoblashicha, 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining majlisi mamlakatimiz va davlat hokimiyati organlarining ijobiy imijini shakllantirishga yordam beradi, ijobiy jamoatchilik fikrini va xalqaro hamjamiyat tomonidan izzat-ikrom hissini paydo qiladi.

Soʻrovning har ikkinchi ishtirokchisining fikricha, mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir oʻtkazilayotgani, Samarqandda mintaqadagi yetakchi davlatlar rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtishi tufayli mamlakatimiz xalqlar va davlatlar oʻrtasidagi tinchlik, doʻstlik, hamkorlik tamoyillarini ilgari suruvchi davlat sifatida oʻzining yuksak maqomini tasdiqlaydi.

Respondentlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning geosiyosiy markaziga aylanmoqda, ularning fikricha, mamlakatimiz iqtisodiy va siyosiy sohalarda faollik koʻrsatmoqda, mintaqada har jihatdan yetakchi boʻlib bormoqda, ayni paytda ichki siyosiy barqarorlik, madaniy ustuvorliklar, mustaqil va faol siyosiy mavqe mamlakatimizning mintaqaviy yetakchilik maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadqiqot jarayonida fuqarolar SHHTga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlari Kengashining boʻlajak majlisi ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar va oʻzaro anglashuv, samarali va natijali muzokaralar, samimiy va doʻstona muhit tiladilar hamda tashkilotning imkoniyatlari va taʼsiri oshib, erishiladigan kelishuvlar mintaqadagi mavjud dolzarb muammolarni hal qilishga yordam berishiga umid bildirdilar. Soʻrov ishtirokchilari sammit oʻzaro tushunish va dolzarb masalalarni konstruktiv muhokama qilish ruhida oʻtishiga, muhokamalar davomida ishlab chiqilgan tashabbuslar SHHTning barcha makonida keng qoʻllanilishiga ishonch bildirdilar.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining boʻlajak majlisiga oʻzbekistonliklarning ijobiy munosabatini aniqlab berdi, koʻrinib turganidek, koʻplab ishtirokchilar uchun mamlakatimizda muhim siyosiy tadbirning oʻtkazilishi haqiqatan ham Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvining faol, modernizatsiyalash va yanada barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ajralmas jarayonlari ifodasi sifatida qabul qilinmoqda. Oʻzbekistonliklarning telefon soʻrovi shuni koʻrsatdiki, jamoatchilik fikrida SHHTga aʼzo davlatlar davlat rahbarlari Kengashining majlisi haqida mamlakatimiz, Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman butun dunyo uchun SHHT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga katta hissa qoʻshadigan muhim siyosiy voqea sifatidagi tasavvur ustuvorlik qiladi. Tadqiqot ishtirokchilari SHHTning Samarqanddagi sammiti mamlakatimiz uchun yangi ufqlar ochib berib, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillarini, umumiy muammolarni hal etishda ishtirokchi davlatlarning jipsligini taʼminlashga xizmat qiladi, deb hisoblaydilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?