Samarqandda reanimobillar soni 2 tadan 62 taga oshdi

16:42 22 Sentyabr 2022 Jamiyat
551 0

Foto: Xalq so‘zi

Bu oʻtgan toʻrt yil ichida tez tibbiy yordam xizmatidagi oʻzgarishlarning bir koʻrinishi.

Tez tibbiy yordam xizmati zamonaviy tibbiyotning muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Eʼtiborlisi, keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu soha faoliyatini takomillashtirish, tegishli malakali tibbiyot xodimlari, tibbiy asbob-uskuna va transport vositalari bilan yetarli darajada taʼminlash, bu orqali aholiga sifatli tez tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha chuqur oʻylangan islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda va bu oʻz mevasini ham beryapti.

Bugun viloyatda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam stansiyalariga 30 ta “Ford” rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirildi.

2016-yilda Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam tizimi bor yoʻgʻi 2 ta reanimobil xizmatidan foydalangan boʻlsa, bugunga kelib, tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida 62 ta shunday avtotransport aholiga tez tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.

Reanimobillarni topshirish marosimida soʻzga chiqqanlar keyingi yillarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablagʻlar bir necha barobarga oshirilganini va tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta koʻrib chiqilib, qishloq oilaviy poliklinikalarida yangi tez tibbiy yordam tayanch punktlari tashkil etilganligini taʼkidlashdi. Buning natijasida tez yordam brigadalarining xizmat koʻrsatish radiusi 15-20 kilometrdan 8-12 kilometrgacha qisqarib, hududlar aholisi va soha xodimlari uchun qulayliklar yaratildi.

Eng muhimi, tizimda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining moddiy manfaatdorligi oshib, ularning olis hududlarda faoliyat olib borishlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?