Samarqandda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti ortmoqda

14:49 27 Iyul 2022 Jamiyat
341 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, mahsulotlar eksportini qoʻllab-quvvatlashga boʻlgan davlat darajasidagi eʼtibor, berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida Samarqand viloyatining ham eksport salohiyati ortib bormoqda.

Raqamlarga qaraydigan boʻlsak, 2022-yilning yanvar-iyun oylari davomida viloyatda 282,3 million AQSH dollari miqdoridagi tovarlar eksporti amalga oshirilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 95,3 million AQSH dollariga yoki 51 foizga koʻp demakdir. Eksport qilingan tovarlarning asosiy qismi meva-sabzavotlar, undan soʻng toʻqimachilik mahsulotlari hisoblanadi.

Urgut tumani Mingtepa mahallasidagi “Zuhriddin Golden” MCHJda 70 nafarga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Bu yerda yiliga 2-3 ming tonnagacha mayiz qayta ishlanib, eksportga chiqariladi.

—  Korxonamiz tomonidan oʻtgan yili 5 million dollarlik mahsulot Qozogʻiston va Rossiyaga eksport qilindi, — deydi “Zuhriddin Golden” MCHJ rahbari Neʼmatjon Amonov. — Yaqinda Qozogʻistonda hamkorlarimiz bilan kelishib, kichik savdo markazi ochdik. U yerda nafaqat mayiz, balki sarxil mevalar sotuvi ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yilning oʻtgan davrida qariyb 150 ming dollarga teng mahsulot eksport qilindi. Yil oxirigacha jami 15 milliard soʻmlik mahsulot sotishni rejalashtirganmiz.

Hozirgi ayni pishiqchilik mavsumida viloyatda quruq va dukkakli don qishloq xoʻjalik mahsulotlarining eksport hajmi ham ortib bormoqda. Xususan, yaqinda Payariq tumanidagi “BAXMAL GOLD GRAIN” korxonasi tomonidan 22 ming tonnadan ortiq loviya Gruziyaga eksport qilindi.

Jomboy tumanida joylashgan “Habibullo mahsulotlari” MCHJ korxonasidan esa 25 tonna quritilgan olxoʻri mahsuloti Xitoy Xalq Respublikasiga hamda “Gulobi” fermer xoʻjaligidan Eron davlatiga 24 tonna loviya joʻnatildi.

Viloyatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini yil oxiriga qadar yana bir necha barobarga oshirish koʻzda tutilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?