Samarqandda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni keng nishonlandi

Samarqand tumanidagi “Layf Garden” bazmgohida Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan katta bayram tadbiri oʻtkazildi. Tadbirga viloyatning qishloq xoʻjaligi sohasida yuqori hosildorlikka erishgan fermer xoʻjaliklari, tomorqachilar, olim va suvchilar, qoʻyingki tizimning barcha fidoyilari taklif etildi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bayramga yigʻilganlar va ular oqali barcha qishloq xoʻjaligi xodimlarini sana munosabati bilan muborakbod etdi.
Qayd etilganidek, Samarqand viloyatining qishloq xoʻjalik xodimlari ham joriy yilni salmoqli yutuqlar bilan yakunlab, kelgusida bundan-da yuqori marralarni koʻzlashmokda. Ayniqsa, paxtachilikda yaxshi natijalar qoʻlga kiritildi. 75 ming gektar yerdan 244 ming tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosi tayyorlanib, bu sohadagi yillik reja 103 foizga bajarildi. Joriy yilda paxta yetishtirish uchun jami 1 trillion 72 milliard soʻm xarajat qilingan boʻlsa, tayyor xom ashyodan 1 trillion 480 milliard soʻm daromad olindi. Sof foyda 408 milliard soʻmni tashkil etmokda. Paxtachilikning rentabellik darajasi 22 foizga toʻgʻri kelmoqda.
Bunga koʻp jihatdan viloyatda 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteri asosida ish yuritilganligi qoʻl keldi. Sugʻorish qiyin, yer unumdorligi nisbatan past boʻlgan maydonlarda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasterlari tez orada oʻz samarasini koʻrsatdi. 5400 gektar yerda tomchilatib sugʻorish usuli yoʻlga qoʻyildi. Xarajat 30 foizga qisqardi. Paxtadan oʻrtacha 33 sentnerdan hosil olindi.
Joriy yilda meva-sabzavotchilik klasterlari tomonidan 281 ming tonna mahsulot kayta ishlanib, uning 21 million AQSH dollariga teng qismi xorijga eksport kilindi. Viloyatda 15 ming gektar yerda intensiv bogʻ mavjud boʻlib, bu yil 3,5 ming gektarda yangi bogʻlar barpo etildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, ilgarilari intensiv koʻchatlar import yoʻli bilan xorijdan keltirilgan boʻlsa, bugungi kunda Jomboy va Tayloq tumanlarida faoliyat koʻrsatayotgan zamonaviy IN-VETRO laboratoriyalarida bir million tupdan ortiq istiqbolli hisoblangan bodom, yongʻoq, gilos, olma, shaftoli, hattoki, uzum koʻchatlari tayyorlanib, fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalari uchun yetkazib berilmoqda.
2021-yilda viloyat gʻallakorlari 852 ming tonna sara don tayyorlab, yillik rejani 102 foizga ado etdilar. Shuningdek, 245 ming tonna meva, 731 ming tonna sabzavot, 386 ming tonna kartoshka, 376 ming tonna uzum yetishtirildi. 133 ming tonna goʻsht va 1 million 300 ming tonna sut ishlab chiqarildi.
Prezidentimizning “Respublikada pillachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi karori ijrosi doirasida pillani qayta ishlash korxonalari toʻliq modernizatsiyalashtirildi. “Kumush tola ijodkorlari" toʻrt mavsumda 3 ming 100 tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosi tayyorladilar. Joriy yilda 14 million AQSH dollarlik ipak va ipak mahsulotlari xorijga eksport kilindi.
Bundan tashqari parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa sohalarda ham oldingi yillarga qaraganda koʻproq mahsulot yetishtirishga erishildi. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga karatilgan investitsiyaviy loyihalarning ijrosini taʼminlash buyicha manzilli ishlar amalga oshirildi.
Xullas, qishloq xoʻjaligi xodimlari ekinlardan moʻl hosil yetishtirish, uni qayta ishlash, xalqimiz farovonligini oshirish, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yoʻlida bor kuch, mahorat, bilim va tajribalarini ishga solib mehnat qilmoqdalar.
Zamin zargarlarining agrar sektordagi islohotlarni bekamu koʻst amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni qoʻllash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ilgʻor tajribalarni amaliyotga joriy etishdagi saʼy-harakatlari oʻzining ijobiy samaralarini berayotganligi erishilgan yuksak natijalarda ham yaqqol namoyon boʻlmokda.
Albatta, yerga mehrini berib, undan rizq-roʻz undirayotgan dehqonlar dunyodagi eng sharafli kasb egalari hisoblanishadi. Hosil bayrami bahonasida viloyatning agrar sohasida xizmat qilayotgan bir guruh fidoyilar vazirliklar va viloyat hokimligining esdalik sovgʻalari, koʻkrak nishonlari, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Bayram tadbiri sanʼatkorlarning konsert dasturi bilan davom etdi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbek va belarus kinoijodkorlari tomonidan “Osiyo arsloni” filmining suratga olish ishlari boshlandi
- OTMlarga qabul kvotalari eʼlon qilindi
- Germaniya tashqi ishlar vaziri Berbok Rossiyani oziq-ovqat urushi olib borayotganlikda aybladi
- Aholining naqd pulga boʻlgan talabini toʻliq qondirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar mavjud — Markaziy bank
- Peruda ayol oʻzining dafn marosimida qayta tirildi
- Oziq-ovqat allergiyasidan koʻproq bolalar aziyat chekadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring