Samarqandda qimmatbaho toshlarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar faoliyatiga chek qoʻyildi

11:22 26 Noyabr 2020 Jamiyat
243 0

Illyustrativ foto

DXX xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand shahrida oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida qimmatbaho toshlarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar faoliyatiga chek qoʻyildi.

Xususan, Samarqand shahrida yashovchi 1955, 1956 va 1970-yilda tugʻilgan 3 nafar fuqaro umumiy bahosi 1 mln. 61 ming soʻmlik 18 dona xrizopraz va 65 dona berill toshlarini 500 karatli zumrad toshlar, deya aldab 50 ming AQSH dollariga, shuningdek, zargarlar tomonidan mukammal ishlov berilmaganligi uchun hozirgi bahosi 3 mln. 116 ming soʻmni tashkil etuvchi, tarkibida olmoslar boʻlgan kumush taqinchoqni 50 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.

Bundan tashqari, 1956-yilda tugʻilgan fuqaroning yashash manzili koʻzdan kechirilganda yoqut, olmos kabi qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla uzuklar borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy bahosi 4 mlrd. 755,5 mln. soʻmlik qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Surishtiruv jarayonlarida maʼlum boʻlishicha, ushbu shaxslar koʻp yillardan buyon xorijdan bunday qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kelib, sotish bilan shugʻullanishgan.

Hozirda mazkur holat boʻyicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?