Samarqandda paratriatlon boʻyicha Osiyo chempionatiga start berildi

17:38 09 Iyun 2023 Sport
510 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Avval xabar qilinganidek, 9-iyun kuni Oʻzbekiston tarixida ilk bor Samarqand shahrida paratriatlon boʻyicha Osiyo chempionatiga start berildi.

Ishtirokchilar 750 metr masofaga suzish, 20 kilometr velosipedda harakatlanish, 5 kilometrga yugurish bahslarida qatnashmoqda.

Musobaqalarda Avstriya, Chili, Kipr, Mavrikiya, Slovakiya, Urugvay, Misr, Vengriya, Iordaniya, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi yigirmaga yaqin davlatdan 300 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda.

— Mazkur chempionat sentyabr oyida oʻtkaziladigan jahon kubogi oldidan tayyorgarlik vazifasini oʻtaydi, — deydi Samarqand viloyati yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Roʻziyev. — Shuningdek, ushbu musobaqada sportchilar xalqaro reyting ochkolarini olishga muvaffaq boʻlishadi.

Ushbu qitʼa birinchiligida yurtimiz sharafini 6 nafar paratriatlonchimiz himoya qilmoqda. Bular Ilhomjon Eshonqulov, Rustamjon Sotiboldiyev, Mashhurbek Abdusamatov, Saidakbar Gʻoziyev, Mirjalol Qurbonov va Abdulaziz Eshboyevlardir.

Sportchilar dastlab suzish, keyin velosiped, soʻngra yugurish poygalarida oʻzaro bahs olib borishyapti.

— Paratriatlon boʻyicha ilk Osiyo chempionati Samarqandda oʻtkazilayotgani biz uchun oʻziga xos imkoniyat boʻldi, — deydi yurtimiz terma jamoasi aʼzosi, fargʻonalik sportchi Ilhom Eshonqulov. — Shu paytgacha nogiron-amputantlar oʻrtasida futbol boʻyicha, nogironlar oʻrtasida suzish bahslarida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishganman. Yurtimizda oʻtayotgan paratriatlon boʻyicha Osiyo chempionatida oʻz imkoniyatlarimni sinab koʻrishga qaror qildim. Musobaqaga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada tashkil qilingan. Hammasi xalqaro standartlarga mos tarzda davom etmoqda.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Triatlon federatsiyasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi va Paralimpiya qoʻmitasi hamda Samarqand viloyat hokimligi hamkorligida oʻtkazilayotgan musobaqalarga puxta hozirlik koʻrildi.

Keyingi kunlarda Samarqand triatlon boʻyicha Oʻzbekiston chempionati va Osiyo kubogi musobaqalariga ham mezbonlik qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

(Xalq soʻzi).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер