Samarqandda oʻtgan ommaviy qabullar qanday natija berdi?

10:20 29 Iyun 2022 Jamiyat
374 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tashkil qilingan Respublika ishchi guruhi ommaviy qabullar uch oyligi doirasida Samarqand shahri, Kattaqoʻrgʻon, Ishtixon va Jomboy tumanlarida oʻtkazgan muloqotlar ham “Inson qadri uchun!” gʻoyasini amalda qaror toptirishga xizmat qildi. Samarqand viloyati aholisini oʻylantirayotgan ayrim masalalarni “mahallabay” oʻrgangan holda joyida hal etish imkonini berdi.

Sud masalasida kelib tushgan murojaatlar asosida 18 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilrogʻiga almashtirildi, 37 nafar shaxs esa jazoni oʻtashdan muddatidan avval shartli ozod qilindi. 2021-yilda jomboylik Rashid Rajabovning oʻtalmay qolgan 2 yilu 15 kunlik ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan edi. Shu davrda u aybidan toʻgʻri xulosa chiqardi, oʻzini tuzatdi va murojaatidan soʻng Rashid Rajabovga hayotini oʻnglab olishi uchun yana bir imkon berilib, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Prokuratura organlari koʻrib chiqqan 199 ta masalaning aksariyat qismi ijobiy hal etildi. Bu jarayonda 18 nafar murojaatchiga aliment, 25 nafar shaxsga moddiy-maʼnaviy zarar undirilishi taʼminlandi. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyatiga oid masalalar ham hal qilindi. Oqdaryolik Vazira Jumanova bir yil avval imtiyozli kredit evaziga tikuvchilik sexi faoliyatini yoʻlga qoʻyib, 7 nafar xotin-qiz bandligini taʼminlagan edi. Bugungi qabulda uning qoʻshimcha bino qurib, faoliyatini kengaytirish va yangi ish oʻrinlari yaratishga oid taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Masala joyiga chiqib oʻrganilgach, yaqin orada tadbirkor ayolga homiylik hisobidan tikuv mashinalari olib beriladigan boʻldi.

Ishtixon tumani Barlos mahallasida yashovchi Gulandom Norbekova esa avvalgi qabuldagi murojaatlari asosida oʻtgan vaqt ichida unga 2-sektor koʻmagida ikki xonali shinam uy qurib berilgani uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdi. Mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvar ijtimoiy siyosat oʻzgalar koʻmagiga muhtoj odamlar oʻzini oʻnglab olishi uchun katta sharoit yaratayotganini taʼkidladi.

Jomboy tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan mashgʻul tadbirkor Qobiljon Nurillayevga esa faoliyatini kengaytirishi uchun 200 million soʻm kredit beriladigan boʻldi.

Umuman, qabullar jarayonida 18 nafar murojaatchiga tadbirkorlik faoliyati uchun 1 milliard 204 million soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishi taʼminlandi.

Xalq taʼlimi tizimi boʻyicha kelib tushgan murojaatlar joyiga chiqib oʻrganilgach, 7 ta maktabni taʼmirlash masalasi kelgusi yillardagi investitsiya dasturiga kiritiladigan boʻldi, bir qator murojaatchilar maktablarga ishga joylashtirildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasiga oid murojaatlar asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj 15 nafar talabaning kontrakt toʻlovlari toʻlab berildi. Deylik, ishtixonlik Eshmurod Qoʻshoqovning 3 nafar farzandi oliy taʼlim muassasalarida shartnoma asosida oʻqiydi. Ular ikkita kontraktni amallab toʻlashdiyu, uchinchisiga imkon qilisholmadi. Ayni shu masalada qabulga amaliy yordam soʻrab kelgan Eshmurod akaning masalasi shu yerda hal qilindi.

Xuddi shunday murojaatlar asosida Samarqand davlat chet tillar institutida taʼlim olayotgan ijtimoiy koʻmakka muhtoj 10 nafar talabaning kontrakt puli institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladigan boʻldi.

Murojaatlar asosida 6 nafar tadbirkor davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etish uchun Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan bitim imzoladi. Payariqlik Barno Tuganova ham shunday bitim asosida tumanning Goʻzal mahallasida 75 oʻrinli nodavlat bolalar bogʻchasi tashkil qilish imkoniga ega boʻldi.

Sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha esa 230 ta masalaning 129 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlar asosida shifoxonalarda bepul davolanish uchun 27 ta yoʻllanma berildi, 51 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Deylik, ehtiyotsizlik oqibatida oyogʻidan ajragan ishtixonlik Nasiba Qoʻqonovaning protez oʻrnatishga oid masalasi ham shu yerda hal qilindi.

Murojaatlar asosida Oqdaryo tumani “Pichoqchi” mahallasida yashovchi Mohira Aʼzamova ogʻir dard bilan kurashayotgan turmush oʻrtogʻi Rustam Islomovni davolatish, payariqlik Olimjon Yoqubjonov viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida, jomboylik Nargiza Mamatqulova, Saʼdullo Haydarov Jomboy tuman markaziy shifoxonasida davolanish imkoniga ega boʻlishdi.

Koʻplab fuqarolar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 30 nafar ehtiyojmand insonlarga nogironlik aravachalari, ortopediya jihozlari va reabilitatsiya vositalari berildi.

Oila va xotin qizlar davlat qoʻmitasi masʼullari 149 ta murojaatning 73 tasini ijobiy hal etdi. Deylik, Jomboy tumani Qoʻlbosti mahallasida yashovchi Xosiyat Xoliqovaning koʻzini jarrohlik yoʻli bilan davolatish uchun mablagʻ ajratishga oid masalasiga ham yechim topildi.

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga murojaatlar asosida 8 km ichki yoʻlga tosh-shagʻal, 4,5 km. yoʻlga asfalt yotqizildi. Suv xoʻjaligi vazirligi masʼullari esa 36 ta murojaatni joyiga chiqib oʻrgangach, 20 ta suv nasosi va agregatlarini ishlatib berdi, 66 km. irrigatsiya-melioratsiya obyektlari tozalandi. Jomboylik Gʻulom Qobilovning Tegirmonariq zovurini tozalash ishlarida amaliy yordam soʻrab qilgan murojaati asosida qariyb bir kilometrlik zovurda qazish-tozalash ishlari bajarildi.

Ishtixonlik Murod Joʻrayevning «Oʻzbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi masʼullariga murojaatidan soʻng tumanning “Oʻzbekiston” mahallasidagi shisha tolali aloqa kabellari tortilib, 128 ta xonadon internetga ulandi. Xuddi shunday murojaatlar asosida Bulungʻur tumanining “Guliston”, Jomboy tumani “Dehqonobod” mahallalaridagi 500 dan ortiq xonadonlarga ham yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi tortib berildi.

Oqdaryolik Shodiqul Soatov murojaati joyiga chiqib oʻrganilgach, “Oqdaryo” mahallasida 1,5 km. ichimlik suvi quvurlarini tortish va mavjud suv inshootini qayta ishga tushirish ishlari boshlab yuborildi.

Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi masʼullari ogʻir ijtimoiy ahvoldagi, xasta-bemor, yoshi ulugʻ insonlarning uyiga borib, ularning holidan xabar olishdi. Bulungʻur tumani Gulobod mahallasida yashovchi 101 yoshli Toshbuvi aya Xolmatovaning ham bunday eʼtibordan boshi koʻkka yetdi.

Ichki ishlar organlariga taalluqli boʻlgan 222 ta masalaning 82 tasiga joyida yechim topdi. Shular qatorida ijtimoiy himoyaga muhtoj 11 nafar fuqaroga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, 29 nafar murojaatchiga fuqarolik va xorijga chiqish pasportlari rasmiylashtirib berildi. Davlatimiz rahbari qabul qilgan tegishli hujjatlar ijrosi va murojaati doirasida Ishtixon tumanining Qoraqishloq mahallasida yashovchi Boʻltak Shakarov ham 28 yil deganda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Samarqand viloyatidagi ommaviy qabullarida 3 ming 56 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 1 ming 311 tasi, yaʼni 43 foizi ijobiy hal qilindi, 844 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 901 ta murojaat nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?