Samarqandda Markaziy Osiyo yoshlari doʻstlik va mustahkam qoʻshnichilik forumi oʻz ishini boshladi

Foto: Xalq so‘zi
Bugun Samarqand shahrida «Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik yoʻlida transchegaraviy koʻp tomonlama muloqot» loyihasi doirasida Markaziy Osiyo yoshlari doʻstlik va mustahkam qoʻshnichilik forumi oʻz ishini boshladi. Unda mintaqa davlatlaridan yuz nafarga yaqin yoshlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Loyiha Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarma boshchiligidagi konsorsium bilan uchta mamlakatdagi hamkorlari - «Yuksalish» umummilliy harakati (Oʻzbekiston), “BIOM” ekologik harakati (Qirgʻiziston) hamda «Gender va taraqqiyot» jamoat tashkiloti (Tojikiston) tomonidan amalga oshirilmoqda.
«Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik yoʻlida transchegaraviy koʻp tomonlama muloqot» loyihasi asosida bagʻrikenglik va hamjihatlik, radikallashuvning oldini olish, millatlararo nizolar sabablari haqida aholi xabardorligini oshirish, mahalliy fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, yoshlar tashabbuslari, ularning transchegaraviy muloqot ishtirokchilari boʻlishlari uchun imkoniyatlar yaratish maqsad qilingan.
Aytish kerakki, ayni loyiha doirasida Oʻzbekistonda Fargʻona davlat universiteti qoshida va Qirgʻizistonda Oʻsh davlat universiteti qoshida Doʻstlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik markazlari ochildi. Bundan tashqari loyiha davomida oʻtkazilgan 50 dan ziyod muloqot, debat dasturlari va treninglarda 5 mingdan ortiq chegaradosh hududlarning yoshlari ishtirok etdi. Yoshlarning eng yaxshi tashabbuslari uchun 4 ming yevro grant ajratildi.
Fargʻona vodiysi yoshlarining muammolarini aniqlash, etnik va diniy kamsitilish, toqatsizlikni koʻrsatuvchi media materiallar hamda ijtimoiy tarmoqlar kontenti tahlil qilindi. Tahlil natijalari asosida mintaqaviy media-strategiya ishlab chiqildi. U Fargʻona vodiysida va Qirgʻiziston, Tojikiston hamda Oʻzbekistonning transchegaraviy hududlarida tinchlik, bagʻrikenglik masalalarini targʻib qilish maqsadida davlat organlari, NNT, OAV vakillari, diniy yetakchilar va fuqarolar uchun targʻibot-tashviqot ishlarini rejalashtirishga koʻmaklashadi.
Samarqandda uch kun davom etadigan mazkur forum doirasida xalqaro debat turnirlari, taʼlim va axborot sessiyalari, yoshlar oʻrtasida muloqot va hamjihatlikni rivojlantiruvchi transchegaraviy loyiha gʻoyalarini ishlab chiqish uchun xakaton oʻtkaziladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring