Samarqandda Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan keng koʻlamli tadbirlar oʻtkazildi

22:09 06 Dekabr 2025 Jamiyat
183 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida bayram tadbirlari davom etmoqda. Joylarda Bosh qomusimizning tarixi va mohiyatini keng targʻib etishga qaratilgan uchrashuvlar, muloqotlar hamda koʻrgazmalar tashkil etilmoqda.

Sana munosabati bilan Samarqand shahridagi Alisher Navoiy koʻchasi ramziy tarzda “Konstitutsiya koʻchasi” sifatida namoyon boʻldi. Viloyat rahbarlari, deputatlar, faollar va jamoatchilik vakillari koʻcha boʻylab joylashtirilgan mavzuli koʻrgazmalar bilan tanishdilar. Tadbir davomida Konstitutsiyaning ahamiyati, unda belgilangan inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan asosiy normalar haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, birinchi marta pasport olayotgan yoshlarga fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi.

Konstitutsiya qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev ishtirokchilarni va ular orqali barcha samarqandliklarni qutlugʻ sana bilan tabrikladi. Oʻz nutqida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy koʻrsatkichlari hamda kelgusi rejalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilning 9 oy yakuniga koʻra, viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 87,5 trillion soʻmni tashkil etdi, oʻsish surʼati esa 107,7 foizga teng boʻldi. Bu koʻrsatkichlarda sanoat sohasida 7,8 foiz, qishloq xoʻjaligida 3,9 foiz, xizmatlar sohasida 14,1 foiz, qurilish ishlarida esa 22 foiz oʻsish taʼminlandi.

2025-yil davomida iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 1,9 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Shuningdek, qiymati 656 million dollarlik 18 ta yirik va muhim loyiha amalga oshirilmoqda.

Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 954,2 million dollar boʻlgan 770 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 14 765 taga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, yakunlanayotgan yilda viloyat eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, 10 oyda 848,9 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Eksport hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga oshgan.

Marosimda yana shunisi taʼkidlandiki, erishilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlar, tinch va barqaror hayot, xalq farovonligining yuksalishi — barchasi Konstitutsiyamizda belgilangan normalar va ular asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning samarasidir.

Tadbir samarqandlik taniqli sanʼatkorlar va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?