Samarqandda xorijiy tillarni ommalashtirishning “mahallabay” tizimi amaliyotga joriy etilmoqda

16:53 06 Sentyabr 2022 Jamiyat
811 0

Samarqand viloyatida “mahallabay” ishlash tizimi xorijiy tillarni rivojlantirish yoʻnalishida yoʻlga qoʻyilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonlaridan ilgari surilgan “mahallabay” ishlash usuli jamiyatdagi koʻplab muammolarni bartaraf etishning eng samarali yoʻllaridan biri hisoblanadi. Bundagi asosiy mohiyati fuqarolarni tinglash va ularning muammolarini joyida hal qilishdir. Shu sababli ham bugungi kunda aholi murojaatlari va muammolari barcha sohalar tomonidan samarali ravishda bartaraf etilmoqda.

Endilikda ushbu sohalar qatoriga xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish ham qoʻshildi. Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligining Samarqand vakilligi viloyatning chekka hududlaridagi mahallalarga borib, aholi murojaatlari bilan tanishib chiqdi.

Yurtboshimizning “Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusi”ning 4-bandining ijrosini taʼminlash boʻyicha har bir mahallada agentlik tomonidan har bir mahallada xorijiy publikatsiyalar (Cambridge English Press, MM Publication) kitoblari bilan jihozlangan kutubxonalari va kitob burchaklari tashkil etilmoqda. Bu mahalladagi uyushmagan yoshlarni oʻqish bilan taʼminlaydi va ularning vaqtlarini unumli sarflashlariga daʼvat etadi.

Bundan tashqari, mahallada xorijiy tillarni oʻrganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi, oʻqituvchilarni biriktirgan holda maxsus til kurslari tashkil qilish, mahallada xorijiy til savodxonligini oshirishni maqsad qilib til markazlari ochmoqchi boʻlgan fuqarolarga moddiy-maʼnaviy koʻmak bildirish kabi dolzarb masalalar koʻrib chiqilmoqda.

Parviz SUBXONQULOV, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi Samarqand viloyat vakilligi loyihalar menejeri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?