Samarqandda xalqaro turizm forumi boʻlib oʻtdi

14:22 13 Fevral 2023 Jamiyat
397 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand shahrida Madaniyat va turizm vazirligi koʻmagida 10-11-fevral kunlari “International Travel Bazaar - 2023» turizm forumi boʻlib oʻtdi.

Bu xalqaro platforma AQSH, Isroil, Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqa davlatlar hamda yurtimizning sayyohlik sohasi vakillari, turoperator va gid-tarjimonlar, restavratorlar, mehmonxona egalari, shuningdek, turizm yoʻnalishida faoliyat koʻrsatuvchi xususiy hamda davlat sektori vakillarini birlashtirdi.

Ikkinchi marta oʻtkazilgan forumda asosiy eʼtibor turizm sohasida xalqaro rivojlanish, hamkorlik va yangi yechimlarni izlashga qaratildi.

Qayd etilganidek, bugun yurtimizning turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish va bu boradagi salohiyatimizni yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgan bir paytda bu kabi xalqaro forumlarning ahamiyati nihoyatda katta.

Mamlakatimizda keyingi yillarda xorijlik sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida 91 davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi yoʻlga qoʻyildi. Sayyohlik sohasida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yuzga yaqin soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi, xarajatlar va kreditlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya hamda grantlar ajratilmoqda. Natijada sohada tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan tashabbuskorlar koʻpaydi. Xususan, turoperatorlar 749 tadan 1700 taga, joylashtirish vositalari esa 751 tadan 1143 taga yetdi.

2022-yilda turizm sohasida umumiy qiymati 22,1 trillion soʻmlik 735 ta loyiha ishga tushirildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish hamda raqobatbardosh xizmatlarni yoʻlga qoʻyishga berilgan eʼtibor natijasida turizm bozoriga Hilton, Marriott, Hyatt, Wyndham, InterContinental Hotels Group, Movenpick, Swissôtel va Accor kabi yetakchi mehmonxona brendlari kirib keldi. Ular nafaqat Toshkent shahri, balki Buxoro, Samarqand, Jizzax va Xorazm hududlarida oʻz faoliyatlarini tashkil qilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda turistlarning oʻrtacha qolish kunlari 4-5 kunni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 1,5 baravarga ortdi. Yurtimizga kelgan xorijiy turistlar 2017-yilda 2,7 million nafarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yili bu raqam 5,1 milliondan oshdi.

Ikki kunlik forum davomida turli mamlakatlardan kelgan 40 nafar sayyohlik sanoati insayderlari oʻz gʻoyalari bilan oʻrtoqlashdilar. Yalpi majlis, mahorat mashgʻulotlari, V2V uchrashuvlar va innovatsion turizm mahsulotlari taqdimoti ham oʻtkazildi.

Shuningdek, sayyohlik obyektlariga sayohat, tanishuvlar davomida ishtirokchilar gid tarjimonlar faoliyatining oʻziga xos tomonlari, brendlar va hududlarni ekspeditsion formatda targʻib qilish, turizmda taʼlim va boshqa mavzular yuzasidan oʻzaro fikr almashishdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?