Samarqandda keyingi uch yilda nodavlat MTM 8 tadan 2 mingtagacha yetdi

18:54 24 Iyun 2020 Jamiyat
759 0

Bugungi kunda Samarqand viloyatida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish borasida ijobiy oʻzgarishlar va islohotlar olib borilmoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2017-yil sentyabr oyida viloyatda bogʻchalarga qamrov koʻrsatkichi 20,9 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2018-yilga kelib bu koʻrsatgich 28,1 foizni (oʻsish surʼati 7,2 foiz), 2019-yilda esa 50,4 foizni (oʻsish surʼati 22,3 foiz) tashkil etgan.

2017-yilda davlat bogʻchalari soni 556 tani va nodavlat bogʻchalar soni esa 8 tani tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib davlat bogʻchalari soni 650 tadan ortdi va nodavlat bogʻchalarining soni qariyb 2000 taga yaqinlashdi.

Oqdaryo tumanidagi “Millat xazinasi” nomli davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti 2019-yilda qurilib foydalanishga topshirilgan. 250 oʻrinli mazkur bogʻchada bolajonlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ayniqsa, jajjilar musiqiy mashgʻulotlarni ishtiyoq bilan bajarishadi. Taʼlim-tarbiya zamon talablari asosida olib borilmoqda.

Yana bir «Kids planet» nomli maktabgacha taʼlim tashkilotida ham tarbiyalanuvchilar sanitariya-gigiyena talablari asosida mashgʻulotlarga jalb qilingan. 100 oʻringa moʻljallangan mazkur davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti bir yil davomida bolajonlarning sevimli maskaniga aylandi.

Bundan tashqari, manzilli dasturlar doirasida mavjud davlat bogʻchalarining moddiy-texnika bazasi tubdan yangilanmoqda hamda yangi nodavlat, davlat-xususiy sherikchilik va oilaviy shakldagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish orqali maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini oshirishga zamin yaratilmoqda.

Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Afsona” davlat-xususiy sheriklik asosidagi bogʻcha zamonaviy multimedia resurslari bilan taʼminlangan. Yozgi oʻyin maydonchasida salqinlik beruvchi suv purkamalari oʻrnatilgan. Bir tomonda jonli tabiat burchagi kichkintoylarning atrof-muhitga boʻlgan munosabatini shakllantiradi. Kichik teatr sahnasida esa ularning sanʼatga boʻlgan qiziqishlari ortadi.

Kattaqoʻrgʻon shahrida 2018-yilda 7 ta oilaviy bogʻcha tashkil etilgan boʻlsa, bugungi kunda 15 ta oilaviy, 3 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 1 ta nodavlat bolalar bogʻchasi faoliyat yuritadi. 2019-yil yakuni boʻyicha qamrov 66 foizni tashkil etdi.

Narpay tumanida esa 3-7 yoshli bolalar 16907 nafar boʻlib, shundan 8720 nafari maktabgacha taʼlimga qamrab olingan. 2019-yil yakunida qamrov 47,8 foiz, boʻlgan boʻlsa, joriy yil 2 choragi boʻyicha 51,6 foiz, yil yakunida bu koʻrsatkichni 63,9 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?