Samarqandda ilk marta buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi

22:49 10 Iyun 2021 Jamiyat
198 0

Bulungʻurlik 31 yoshli O.Xoʻjaqulov ancha yillardan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrib kelar edi. Bugun unga ukasi M.Xoʻjaqulov bir buyragini berdi. Qariyb uch soat davom etgan, Samarqanddagi ilk buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Eng muhimi, har ikkovining ham ahvoli yaxshi va ular tibbiy standartlar asosida shifokorlar nazoratida.

Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari samarqandlik shifokorlar bilan birgalikda viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ushbu noyob jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazishdi. Bu haqda Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Bunga qadar buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi yurtimizda faqatgina Toshkent shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilar edi.

Endi operatsiya stoliga yotqiziladigan yana bir bemor 19 yoshli Shoxsanam Shonazarovadir. U bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan kurashib keladi. Hatto, ahvoli ogʻirlashib borganligi bois 2010-yilda unda jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, chap buyragi olib tashlangan. Salkam bir yildan buyon Shoxsanam muntazam ravishda gemodializ muolajasini olishga majbur boʻlgan. Hozirda Shohsanamning onasi Sh.Salomova barcha tekshiruvlardan oʻtkazilib, tahlillar natijasida uning sogʻlom ekanligi qayd etilgani bois qiziga donorlik qilyapti.

Keyingi bemor Sherzod Boliyev. Hozirda Sherzod ham jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ishtixonning “Oxunboboyev” QFYda yashovchi 19 yoshli bemor yarim yildan buyon gemodializ apparatiga “bogʻlanib” yashayotgan edi.

Sh.Boliyevga onasi S.Xudayarova bir buyragini berishga qaror qilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?