Samarqandda ilk bor jigar koʻchirish amaliyoti bajarildi

19:27 10 Avgust 2022 Jamiyat
376 0

Samarqand viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida birinchi marotaba markaz transplantologlari va Samarqand davlat tibbiyot universiteti xodimlari bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi amaliyoti oʻtkazildi.

1965-yilda tugʻilgan bemor Saodat Lapasova jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan boʻlib, unga 1987-yilda tugʻilgan qizi Nafisa Kurbonova donorlik qilgan.

9-avgust kuni boʻlib oʻtgan operatsiya 13 soat 20 daqiqa davom etgan. Operatsiyada 25 nafar yaqin tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Xususan, 8 nafar vrach transplantolog, 5 nafar vrach anesteziolog, 2 nafar transfuziolog, 5 nafar operatsion hamshira, 5 nafar anestezistka hamshira ishtirok etdi.

— Biz murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik. Bu Samarqand tibbiyotida yana bir yangilik boʻldi, — deydi Samarqand viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri Lutfullo Maxmonov. — Jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrdik. Buning uchun xodimlarimiz Moskva, Qozon, Kiyev, Istanbul, Anqara shaharlarida malaka oshirib keldi.

Qolaversa, Akademik Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazining professor xodimlari bizni qoʻllab quvvatladi.

Alohida taʼkidlash joizki, markazlashgan holda va viloyat hokimligining erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan inson organlarini koʻchirib oʻtish amaliyotlari uchun markazimizga 10 mlrd. soʻmlik tibbiy asbob uskunalar olib kelib oʻrnatildi.

Bemor S.Lapasovada jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi edi. Shukurki, mazkur amaliyot muvaffaqiyatli oʻtdi. Hozirgacha boʻlgan tekshiruv natijalarning barchasi ijobiy.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер