Samarqandda ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat boshladi

00:09 06 Sentyabr 2022 Jamiyat
390 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbarining “Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga koʻra, 2022-2023 oʻquv yilida Samarqand viloyatida ikkita ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish belgilangan edi.

Yangi oʻquv yilidan mazkur taʼlim muassasalari oʻquvchilar uchun oʻz eshiklarini ochmoqda. Jumladan, Paxtachi tumanidagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati negizida Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Paxtachi tuman ixtisoslashtirilgan maktabi tashkil etildi.

350 oʻrinli taʼlim muassasasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, oʻquvchilar uchun qulay sharoit yaratildi. 20 ta oʻquv xonasi 3 ta laboratoriya sinflari, sport zal va tadbirlar oʻtkaziladigan zal kerakli jihozlar hamda texnik vositalar bilan taʼminlandi.

Maktabning ochilishi marosimida Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori X.Umarova, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, tuman ahli va oʻquvchilarni mazkur yangi taʼlim dargohi bilan tabrikladi. Bu yerdan buyuk ajdodlarimizga mos yangi zamon avlodlari yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Yangi taʼlim muassasasi oldiga qoʻyilgan talablardan kelib chiqib, maktabda ishlash uchun 32 nafar xodim uch bosqichli tanlov asosida ishga qabul qilingan. Ularning 8 nafari oliy toifali boʻlsa, 10 nafari birinchi toifali. Ingliz tilidan dars beruvchi oʻqituvchilarga mazkur tilni bilim darajasi boʻyicha sertifikatlar mavjud.

Maktabning 348 nafar ilk oʻquvchilari ham belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, muassasada tahsilni boshladi.

Oqdaryo tumanida ham Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktabning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda tuman hokimligi, sektor rahbarlari, Xalq taʼlimi boʻlimi vakillari, oʻquvchilar va ota-onalardan iborat keng jamoatchilik ishtirok etishdi.

Mazkur ixtisoslashtirilgan maktab 456 oʻringa moʻljallangan boʻlib, joriy oʻquv yilida tumandagi xuddi shuncha iqtidorli oʻquvchilarni oʻz bagʻriga oldi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?