Samarqandda dunyo hisob ilmi vakillarini jamlagan anjuman boʻlib oʻtdi

13:26 24 Sentyabr 2022 Jamiyat
733 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand davlat universitetida “Matematik analiz va uning zamonaviy matematik fizikaga tatbiqlari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Samarqand davlat universiteti Matematika, fizika va funksional analiz kafedrasi mudiri, akademik, “Doʻstlik” ordeni sohibi Saidahmad Laqayev tavalludining 70 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan mazkur anjumanda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovlar soʻzga chiqib, ishtirokchilarni dunyo matematik olimlari nigohini bir nuqtaga jam etgan ushbu xalqaro anjuman munosabati bilan samimiy qutladi.

Tadbirda shuningdek, AQSH, Kanada, Rossiya kabi dunyoning 10 dan ortiq davlatlari olim va professorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Shavkat Alimov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professori Ravshan Ashurovlar ishtirok etdi.

Samarqand davlat universiteti bosib oʻtgan uzoq tarixiy davr mobaynida ilm-fan sohasiga koʻplab yetuk olimlarni yetishtirib bergan dargoh. Akademik Saidahmad Laqayev ana shunday olimlardan biri. Anjumanda soʻzga chiqqanlar Saidahmad Laqayevning matematika fani rivojiga qoʻshgan hissasi, olim asos solgan matematik analiz ilmiy maktabi, uning bugungi davomchilari va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdilar.

— Matematika ilmi haqida gapirar ekanmiz, bu fanning buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiy nomi bilan bevosita bogʻliqligi bizda hamisha faxr uygʻotadi, — deydi Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov. — Shu oʻrinda hisob ilmining koʻzga koʻringan vakillari safida yurtimiz olimlarining boʻlishi, ulugʻ ajdodimiz boshlab bergan shonli yoʻlning davom etishidir. Saidahmad Laqayev ana shunday olimlardan biri, umri matematikaga baxshida fidoyi olim. Universitetimiz Saidahmad Laqayev misolida matematika ilmiga yana bir yetuk olim yetkazib berdi deyish mumkin.

Darhaqiqat, Saidahmad Laqayev Oʻzbekistondagi 7 nafar matematik akademiklarning biri. Jahon matematik tahlil ilmining ustunlaridan biri boʻlgan olim oʻtgan davr mobaynida 5 nafar fan doktori, 13 nafar fan nomzodini tayyorlab, oʻz ilmiy maktabini yaratgan.

— Matematika tafakkur fani, ushbu sohada olingan har bir natija faqat Oʻzbekiston uchun emas, balki butun dunyo uchun ahamiyatli boʻlishi lozim, — deydi akademik Azimboy Saʼdullayev. — Shundagina dunyo ilm-fani bilan aloqalar yoʻlga qoʻyiladi, xorijlik matematiklar diqqati qozoniladi. Samarqand davlat universiteti yirik ilmiy markaz, yetakchi universitet sifatida nafaqat Oʻzbekistonga, balki butun dunyoga yetuk kadrlar, ilm-fan namoyandalarini yetkazib bergan dargoh hisoblanadi. Ana shunday dargʻalardan biri Saidahmad Laqayev matematika sir-asrorlarini oʻrganib, matematik analiz va uning zamonaviy matematik fizikaga tatbiqi ilmiy maktabiga asos solgan olim. Ushbu ilmiy maktabning bugungi davomchilari akademik boshlab bergan jahon ilmi bilan aloqalarni saqlashga doim harakat qilishadi.

Shundan soʻng konferensiya ishtirokchilari differensial tenglamalar va matematik fizika, matematik analiz, son tahlili va mexanika, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, algebra va geometriya, matematik modellashtirish va axborot texnologiyalar singari olti shoʻbaga boʻlingan holda oʻz faoliyatini davom ettirdi.

Anjuman davomida sohada yetuk kadrlar tayyorlash masalasi ham qatnashchilar diqqat markazida boʻldi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,  “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?