Samarqandda davlatimiz rahbari ishtirokida joriy haftada oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar boʻyicha brifing oʻtkazildi

13:51 13 Sentyabr 2022 Jamiyat
313 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati

Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.

Unda davlatimiz rahbari ishtirokida joriy haftada oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida maʼlumot berildi.

— Shubhasiz, nafaqat haftaning, balki butun yilning eng muhim siyosiy ahamiyatga ega tadbiri - 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining yigirma ikkinchi majlisidir, — dedi Sherzod Asadov. — Guvohi boʻlib turganingizdek hozirgi vaqtda mazkur tarixiy, ulugʻvor shahar bugungi kunda eng nufuzli va yirik mintaqaviy tashkilotlardan biri boʻlgan yaʼni Yevroosiyo qitʼasining 60 foizini tashkil etuvchi hududni qamrab oladigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining 22-majlisini oʻtkazish uchun tayyor va mehmonlarni qabul qilmoqda. Tadbirda 8 ta aʼzo mamlakat - Oʻzbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat - Belarus, Eron, Moʻgʻiliston va 4 ta mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat - Turkiya, Ozarbayjon, Turmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Shuningdek, Sammitda qatnashish uchun BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), YUNESKO, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari taklif etilgan.

Avval tashkilotga aʼzo davlatlar yetakchilarining tor doirada majlisi, soʻng barcha delegatsiyalar ishtirokidagi kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtadi. Shu bilan birga, Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham koʻzda tutilgan.

Mazkur tashkilot doirasidagi hamkorlik mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlardan boʻlib, keyingi besh yil davomida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan SHHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar boʻyicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surilgani taʼkidlandi. Shulardan 33 tasi hayotga tatbiq etilgan boʻlsa, 17 tasi Samarqand sammiti davomida amalga oshirilishi kutilmoqda. Qolgan 4 tasi tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.

Oʻzbekistonning 2021-2022-yillarda mazkur tashkilotga raisligi davrida barcha hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbir muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Sammit pandemiyadan soʻng ilk bor barcha aʼzo davlatlar, kuzatuvchi hamda mehmon sifatida taklif etilgan mamlakatlarning toʻliq ishtirokida yuzma-yuz formatda oʻtkazilayotganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri SHHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida SHHTga aʼzolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda.

Tadbirda qabul qilinadigan muhim hujjatlardan biri bu - Shanxay hamkorlik tashkiloti aʼzo davlatlari oʻrtasida uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomani 2023-2027-yillarda amalga oshirish boʻyicha Keng qamrovli rejadir.

Ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va SHHTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.

Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar boʻyicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yoʻnalishlarini qamrab olgan va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni oʻz ichiga olgan. Ayniqsa, asosiy urgʻu savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilgan. Masalan, investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash boʻyicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga masʼul idoralar belgilangan.

Bundan tashqari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot boʻyicha hamkorlar aʼzoligini kengaytirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi.

Sammitning asosiy hujjati bu - aʼzo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar boʻyicha mujassamlashgan pozitsiyalari oʻz ifodasini topgan Samarqand deklaratsiyasi. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma yondashuvlar belgilab berilgan.

Shuningdek, Samarqanddagi sammit doirasida SHHT bilan Arab davlatlari ligasi, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari - ESKATO va YUNESKO oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan.

Sh.Asadovning qayd etishicha, davlatimiz rahbari sammit doirasida bir qator delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi, ular bilan hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?