Samarqandda Abu Abdulloh Rudakiy haykali ochildi

13:50 31 Avgust 2022 Jamiyat
453 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand shahrida shu paytga qadar fors-tojik adabiyotining asoschisi boʻlgan bu ulugʻ adibning bir emas, bir necha kichik haykal va byustlari boʻlgan, ammo ular turli sabablar bilan boshqa joyga koʻchirilgan, munosib oʻrnini topmagan. Vaholanki, shaharda Rudakiy nomi bilan ataladigan katta koʻcha bor, shuningdek, yana boshqa bir qator obyektlarga shoir nomi berilgan.

Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda esa Samarqand shahrida Abu Abdulloh Rudakiy haykalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Abu Abdulloh Rudakiy yozib qoldirgan nodir asarlar ming yillik tarixga ega boʻlsada, bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Uning gʻazal va ruboiylaridagi Vatanni sevish, tinchlikning qadriga yetishga undovchi gʻoyalar yoshlar tarbiyasida muhim oʻrin tutadi.

— Keyingi ikki yilda shahrimizning Rudakiy nomidagi koʻchasi rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi, hududda katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, — dedi yodgorlikning ochilish marosimida ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov. — Shu koʻchaning Boʻstonsaroy koʻchasi bilan kesishgan chorrahasida zamonaviy yoʻl oʻtkazgich qurildi. Yoʻl atrofi obod va koʻrkam koʻrinish oldi. Bu jarayonda viloyat tojik milliy madaniy markazi, viloyatimiz jamoatchiligi va ijodkorlar ushbu koʻcha atrofida Abu Abdulloh Rudakiy xotira maydoni tashkil etish va haykalini oʻrnatish tashabbusini bildirdi. Bu tashabbus viloyat va shahar hokimligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, shu joy tanlandi va obod qilindi. Taniqli haykaltarosh Turkman Esonov tomonidan ulugʻ adibning salobatli haykali yaratildi.

Bu koʻrkam maydonning tashkil etilishi mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir amaliy ifodasidir. Qolaversa, mazkur majmuaning yaratilishi azaldan yaqin qoʻshni, qardosh boʻlgan oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini mustahkamlash, ikki xalq ijodkorlarining hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Marosimda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, viloyat va shahar jamoatchiligi vakillari soʻzga chiqib, bu ezgu ish tashabbuskorlariga minnatdorlik bildirdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?