Samarqand yashillikka burkanmoqda

02:01 30 Aprel 2022 Jamiyat
339 0

Bugun Samarqand shahrining qaysi koʻchasidan yurmang, albatta, barq urib turgan rang-barang gullar va ildiz otib, asta-sekin boʻy choʻzayotgan daraxt nihollariga koʻzingiz tushadi.

Jumladan, ayni shu onda shaharning Boʻstonsaroy koʻchasi boʻylab yuzlab lola, joʻka va eman daraxtlari koʻchatlari ekilayotgani guvohi boʻlishingiz mumkin.

— Ushbu koʻchaning ikki chetiga 5 mingga yaqin manzarali daraxt, buta va gul koʻchatlari ekdik, — deydi “Baytqoʻrgʻon Usmonova Nargiza” fermer xoʻjaligi ish boshqaruvchisi Hojiakbar Erkinov. — Shuningdek, Rudakiy koʻchasida shumtol, Ibn Sino koʻchasida magnoliya va lola, Afrosiyob koʻchasida akatsiya daraxti koʻchatlari hamda 750 tup tok ekildi.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida shaharda 563 ming tup mevali va manzarali daraxt hamda buta koʻchatlari ekish rejalashtirilgan. Germaniya, Italiya, Kanada, Xitoy, Niderlandiya, Polsha, Turkiya, Shveysariya hamda Yaponiya davlatlaridan olib kelingan bu nihollar Toshkentdagi issiqxonalarda oʻstirilgan va iqlimga moslashtirilgan.

Shaharda hududning tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda koʻchatlar tanlanib, ekish va tomchilatib sugʻorish, zararkunandalardan himoya qilish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.

Mazkur guruh tomonidan mart oyidan boshlab shahar boʻylab “Yashil oylik” tadbiri asosida har bir mahalla, koʻcha, ijtimoiy soha muassasalari, tashkilot va korxonalarda ekilayotgan daraxt va butalar hisobi yuritilmoqda. Ular tomonidan bir turdagi daraxt koʻchatlari ekilgan 5 ta namunaviy koʻcha tashkil etilgan.

— “Baytqoʻrgʻon Usmonova Nargiza” fermer xoʻjaligi, «Florensiya Garden» MCHJ hamda “Samarqand yoʻllardan muntazam foydalanish” unitar korxonalari tomonidan Ibn Sino, Afrosiyob, Usta Umar Joʻraqulov, Mirzo Ulugʻbek, Spitamen shoh, Beruniy, Zarafshon shohkoʻchalariga daraxt va butalar ekilmoqda, — deydi Samarqand shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasi boshligʻi Oʻtkir Absalomov. — Shuningdek, shahar xalq taʼlimi va tibbiyot muassasalari, obodonlashtirish bosh­qarmasi ishchilari tomonidan 2 yil davomida parvarishlash sharti bilan 349 ming tup shumtol, kiparis, magnoliya, joʻka, eman, oq qayin, tuya archasi, qrim hamda eldor qaragʻaylari, ligstrum, lola kabi manzarali daraxt va buta koʻchatlari ekildi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi Mirzo Ulugʻbek bogʻini qaytadan rekonstruksiya qilish orqali jamoat parkini, Qorasuv massividagi 38 gektar yerda 8 ming tup manzarali daraxt koʻchatlarini ekib, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini barpo etish koʻzda tutilgan.

Samarqand shahridagi mahallalarda boʻsh maydonlar, koʻp qavatli uylar va markaziy koʻchalarga tutash hududlardagi 100 ta boʻsh yer maydoni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish uchun tegishli tashkilotlarga biriktirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?