Samarqand viloyatida maktab bitiruvchilari uchun “Abituriyent shtablari” tashkil etiladi

15:35 14 Yanvar 2022 Jamiyat
1130 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyatida 2020-2021 oʻquv yili yakunlaridan kelib chiqib, 200 ta umumtaʼlim maktabida oʻqitish sifatini oshirish uchun tegishli tuman, shahar rahbarlari va oliy taʼlim muassasalarining tajribali professor-oʻqituvchilari masʼul qilib biriktirildi.

Jumladan, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 44 ta maktabga tuman masʼullari hamda Samarqand davlat universiteti Kattaqoʻrgʻon filiali, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professor-oʻqituvchilari masʼul boʻldi. Roʻyxatga Qoʻshrabotdan 29 ta, Nuroboddan 24 ta, Urgutdan 21 ta, Narpaydan 19 ta, Past Dargʻomdan 17 ta, Samarqand shahridan 16 ta maktab kiritilgan.

— Avvalo, ushbu maktablarning moddiy-texnika bazasi oʻrganiladi va aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha yoʻl xaritalari ishlab chiqiladi, — deydi Samarqand viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ozod Jangirov. — Oʻqituvchi va oʻquvchilardan nazorat ishlari olinadi, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha taklif va muammolar oʻrganiladi. Oʻqituvchilar salohiyatidan kelib chiqib, variativ oʻquv rejalar asosida oliy taʼlim muassasalariga tayyorlov sinflari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining chet tillari, aniq va tabiiy hamda ijtimoiy gumanitar fanlardan toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquvchilar olgan baholarining haftalik, oylik monitoringi yuritilib, muhokama qilib boriladi.

Bundan tashqari maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichini koʻtarish maqsadida oʻquvchi-yoshlarni kasbga yoʻnaltirish va oliy taʼlim muassasalariga kirishini muvofiqlashtiruvchi “Abituriyent shtablari” tashkil etiladi.

Davlat test markazining viloyat boʻlimi bilan birgalikda har uch oyda ushbu umumiy oʻrta taʼlim maktablari bitiruvchilaridan tanlagan yoʻnalishlari boʻyicha test sinovlari olinadi. Test natijalari maktab pedagogik jamoasi va ota-onalar ishtirokida tahlil qilinadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?