“Samarqand tasviriy va amaliy sanʼati” kitob-albomi nashr etildi

20:32 08 Aprel 2022 Jamiyat
458 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyati boʻlimida mazkur kitob-albomning taqdimoti oʻtkazildi.

Samarqandlik ijodkorlar, rassom va ustalar, haykaltaroshlar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda mazkur kitobning yaratilishi haqida soʻz yuritildi. Keyingi yillarda badiiy akademiya aʼzolariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik eʼtirof etildi.

Taqdimotda qatnashgan Samarqand viloyat hokimining oʻrinbosari R.Qobilov viloyatda tasviriy va amaliy sanʼat bilan shugʻullanayotgan ijodkorlar koʻpligi, ularni qoʻllab-quvvatlash va asarlarini keng targʻib etish maqsadida ushbu kitob-albomning ikkinchi nashrini tayyorlashni, shuningdek, samarqandlik yosh rassomlarning ham shu kabi katalogini yaratish taklifini bildirdi. Aytib oʻtilganidek, bu kitoblarni nashr etishga viloyat hokimligi yaqindan yordam beradi.

Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyati boʻlimi rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Kalonovning aytishicha, samarqandlik rassom va amaliy sanʼat ustalari ijodi haqida hikoya qiluvchi soʻnggi kitob-albom 1992-yilda rus tilida nashr etilgan. Shundan keyin bunday katalog chiqarishga deyarli eʼtibor qaratilmagan. Vaholanki, mustaqillik yillarida ham samarqandlik rassom va haykaltaroshlar, kulollar barakali ijod qilib, respublika va xalqaro koʻrgazmalarda muvaffaqiyatli qatnashdi. Yurtimizda bunyod etilgan bino va inshootlarni rang-tasvir, grafika asarlari, ganchkorlik ishlari, haykaltaroshlik namunalari bilan bezatishda faol ishtirok etdi. Ularning bu mehnatlari xalqaro darajada eʼtirof etildi.

— Toʻgʻri, ijodiy asarlarimiz xalqimizga tanish, koʻrgazmalarda namoyish etilmoqda, bino va inshootlarga koʻrk berib turibdi, — deydi Nuriddin Kalonov. — Lekin bu haqida arxiv boʻlib qoladigan yozma manbalar yaratilishi, kelgusi avlodlar ham buni bilishi, oʻrganishi kerak. Afsuski, oʻttiz yil bu orzularimiz orzuligicha qoldi. Oʻtgan yili Samarqand viloyat hokimligi eʼtibori bilan Samarqand Badiiy ijodkorlar uyushmasi joylashgan bino rekonstruksiya qilinib, ijodkorlar uchun zarur shart-sharoit yaratildi. Uyushmamizga eʼtibor oshdi. Mana, bugun “Samarqand tasviriy va amaliy sanʼati” nomli kitob-albom yaratilgani guvohi boʻlib turibsiz. Unda rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik va amaliy sanʼat boʻyicha 47 nafar samarqandlik ijodkor va ularning asarlari haqidagi maʼlumotlar jamlandi.

Kitob-albom Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nurning kirish soʻzlari bilan boshlangan.

Mazkur kitob-albomning taqdimot marosimi doirasida Samarqand badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzolarining asarlar koʻrgazmasi va “Badiiy salon” ochildi. Endilikda ushbu “Badiiy salon”da samarqandlik rassomlarning asarlarini xarid qilish mumkin.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?