Samarqand shahrida yana ikki tonnel va ikki koʻprik quriladi

17:59 14 Mart 2023 Jamiyat
805 0

Foto: Xalq so‘zi

Bu haqida Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi (BAA) ishtirokida «Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish» investitsion loyihasi amaliy ijrosiga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Samarqand viloyati hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Akmal Shukurov taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston Respublikasi va Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi oʻrtasida loyihani amalga oshirish uchun 4 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 17 yilda qaytarish muddati bilan qarz bitimi imzolangan. Loyihani jadallashtirish maqsadida ishlar 4 ta lotga ajratilib, xalqaro tender savdolariga qoʻyilgan.

Lotlarning birida Gagarin va Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasida uzunligi 44 metr, Gagarin va Rudakiy koʻchalari kesishmasida esa 50 metr boʻlgan tonnellar, shuningdek, Gagarin koʻchasidagi temiryoʻl ustida 78 metr, Siyob kanali ustida 165 metr boʻlgan koʻprik qurilishi rejalashtirilgan.

Tender natijalariga koʻra, “Meʼmor Utkir Chovka LLC” (Oʻzbekiston) va “Shaanxi Road and Bridge Group Co., Ltd” (Xitoy) konsorsiumi gʻolib deb topilgan.

Hozirda obyektda tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Aytish kerakki, hududdagi barcha kommunikatsiya tizimlari koʻchirilib, avtomobillar va piyodalarning xavfsiz harakatlanish sxemasi yoʻlga qoʻyilgach, bosqichma-bosqich qurilish ishlari boshlanadi.

— Shuningdek, loyiha doirasida shaharning qator koʻchalari taʼmirlanadi,  — deydi Akmal Shukurov. — Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilishda suv inshootlari qurilishi ham koʻzda tutilgan. Jumladan, 6 ta nasos stansiyasi va 2 ta suv inshooti rekonstruksiya qilinadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?