Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi Samarqand shahrida “Ice Arena” yangi muz saroyini ochmoqda
Samarqandda mamlakatimiz miqyosida sigʻimi boʻyicha Toshkentdagi “Humo Arena"dan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi “Ice Arena” muz saroyining ochilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda federatsiya maʼlumotiga tayanib “Dunyo” AA xabar berdi.
Koʻpfunksional muz saroyi Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi koʻmagida “Family Park” tematik koʻngilochar markazi doirasida ochiladi. Bu Samarqandda qurilgan, turli xil sport tadbirlari, shu jumladan, xokkey uchrashuvlari, konsertlar, boshqa koʻngilochar va ijtimoiy loyihalarni oʻtkazish uchun moʻljallangan, xalqaro talab va standartlarga javob beradigan birinchi muz saroyidir.
Mamlakatimiz Prezidentining millatni jismoniy sogʻlomlashtirish, sport va jismoniy tarbiya sohasini rivojlantirish boʻyicha global tashabbusini amalga oshirish soʻnggi 5 yilda respublika doirasida sportga, sportning qishki turlariga davlat va xususiy biznes eʼtiborining mislsiz darajada oshishiga olib keldi. Buning natijasida ushbu sport turlari aholi orasida ommalashib bormoqda. Bu davrda poytaxtdagi “Humo Arena” va poytaxt viloyatidagi «Amirsoy» togʻ-changʻi majmuasi kabi qishki sport turlarining yirik maskanlari paydo boʻldi, Toshkentdagi “Yubiley” muz saroyida ham taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Mamlakatda xokkeyni ommalashtirish – Oʻzbekiston xokkey federatsiyasining asosiy vazifalaridan biri. Yangi muz arenasi Federatsiya tomonidan 2018-yilda mamlakatning barcha yirik viloyat markazlarida muz maydonlarini yaratish boʻyicha rejasining bir qismiga aylanadi. Savdo markazlarida joylashgan aksariyat muz maydonlaridan farqli oʻlaroq, Samarqandda loyiha 2 minggacha tomoshabinni sigʻdira oladigan, barcha zarur infratuzilma bilan jihozlangan, nafaqat mashgʻulotlar jarayonini, balki professional xokkey jamoalarining eng yuqori darajadagi musobaqalarini oʻtkazishga imkon beradigan toʻliq muz maydoni sifatida barpo etildi.
Muz saroyi xalqaro xokkey arenalari talablariga javob beradigan VIP-oʻrinlar, fitnes zali, xoreografiya zali, kirish hududi va yordamchi inshootlarni oʻz ichiga olgan. Tribuna sigʻimi 1 ming 900 kishiga moʻljallangan. Yaqin kelajakda ushbu arenada OʻXF homiyligida bolalar xokkey maktabi ochilishi moʻljallanganini aytib oʻtishimiz joiz.
“Biz oʻz ishimizni Samarqandda bolalar xokkey maktabini yaratish bilan boshlaymiz, chunki bolalar xokkeyini rivojlantirish Federatsiya uchun strategik ustuvor vazifadir. Iloji boricha, koʻproq bolalarni jalb qilish, milliy xokkeychilarimizning birinchi avlodini tarbiyalash orqali oʻzbek xokkeyining kelajagiga poydevor qoʻyish – bu 12–15 yil ichida haqiqatga aylanishi kerak boʻlgan rejalardir, – dedi Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bahodir Gʻofurov. – Biz xokkey Samarqandga uzoq vaqtga keldi va bu goʻzal qadimiy shahar aholisi qalbidan joy oladi, deb umid qilamiz”.
Samarqand shahridagi muz saroyining tantanali ochilish dasturi ikki kunga moʻljallangan boʻlib, unga Toshkentdagi bolalar xokkey klublari xokkeychilarining chiqishlari, taniqli olimpiada sovrindorlari Povilas Vanagas va Margarita Drobyazkoning muz ustidagi shousi, oʻzbek estrada yulduzlari ishtiroki, shuningdek maxsus taklif etilgan sanʼatkorlar – Jony, Elman va Androning konsert dasturi kiritilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring