Samarqand shahri uch kun davomida triatlon boʻyicha qitʼamizning eng nufuzli sport musobaqasiga mezbonlik qiladi

12:46 08 Iyun 2023 Jamiyat
315 0

9-10-11-iyun kunlari Samarqand shahrida triatlon boʻyicha «2023 Asia Triathlon Cup Samarkand” xalqaro musobaqasi va Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi ushbu tadbirlarni Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi, Samarqand viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar koʻmagida oʻtkazmoqda.

Maʼlumki, triatlon oʻta murakkab sport turi hisoblanadi va bunday musobaqani har qanday davlat ham oʻtkaza olmaydi. Samarqand shahrida esa triatlon xalqaro musobaqasini oʻtkazish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor. Eng muhimi, hududda xalqaro suzish talablariga javob beruvchi eshkak eshish kanali mavjud. Oʻtgan davr mobaynida eshkak eshish kanalida koʻplab xalqaro musobaqa hamda Osiyo chempionatlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.

Shu bois, 9-iyun kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston tarixida ilk bor para-triatlon boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtadi. Unda dunyo davlatlaridan 80 ta para-sportchi ishtirok etishi rejalashtirilgan. Para-sportchilar SPRINT masofasida (750 metr suzish, 20 kilometr velosipedda harakatlanish, 5 kilometr yugurish) oʻzaro raqobatlashadi.

10-iyun kuni esa triatlon boʻyicha Osiyo kubogi musobaqalari boʻlib oʻtadi. Unda qitʼamizning eng sara sportchilari: 50 nafar ayol va 50 nafar erkak ishtirok etadi. Shu kuni Osiyo kubogi doirasida Markaziy Osiyo sportchilari oʻrtasida (CATA – Central Asia triatlon Association) alohida musobaqa va taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.

11-iyun kuni triatlon boʻyicha Oʻzbekiston chempionati musobaqalariga ham start beriladi. Unda STANDART va SUPER SPRINT masofalarida Elite, U 23, 15-17 yoshlar va 16-19 yoshli oʻsmirlar oʻrtasida triatlon boʻyicha milliy va yoshlar terma jamoasiga saralash bahslari oʻtkaziladi. Shuningdek, shu kuni shaxsiy va jamoaviy musobaqalarda professionallar toifasiga kirmagan 300 nafar havaskor triatlonchilar ishtirok etadi. Ushbu musobaqa ikki masofada oʻtkaziladi: olimpiya (1500 metr suzish, 40 kilometr velosipedda harakatlanish, 10 kilometr yugurish) va super-sprint (350 metr suzish, 13 kilometr velosipedda harakatlanish, 3 kilometr yugurish).

Musobaqaning asosiy qismi Samarqand eshkak eshish kanali hududi – “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro sayyohlik majmuasida va velosipedda harakatlanish qismi Samarqand shahri boʻylab oʻtkaziladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер