Samarqand shahar kengashi sessiyasi boʻlib oʻtdi

14:02 09 Dekabr 2020 Siyosat
639 0

Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi sessiyasida hududning 2020-yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2021-yil uchun belgilangan ustuvor yoʻnalishlar toʻgʻrisida shahar hokimi Boburmirzo Oblaqulovning hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, pandemiya boshlanishida Samarqand shahridagi faoliyat koʻrsatayotgan 1474 ta sanoat korxonalarining 150 tasi faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi, shuningdek 36 tasi esa 25 foiz, 87 tasi 50 foiz quvvatda ishlay boshlagandi.

Pandemiya taʼsiri natijasida shaharda sanoat ishlab chiqarish xajmi joriy yil 6 oy yakunida oʻtgan yilga nisbatan 8,2 foizga, 9 oy yakuni bilan 1,8 foizga kamaygan edi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, sektor rahbarlari va boshqa mutassadi tashkilotlar bilan birga “korxonabay” ish olib bordik va buning natijasida joriy yil 10 oy yakuniga koʻra, sanoat ishlab chiqarish xajmi 6,4 trln. soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga 102,8 foizga koʻpaydi.

Sanoat ishlab chiqarish xajmi 2018-yil yakuni bilan 5,4 trln. soʻmni tashkil qilib, aholiga jon boshiga 10,2 mln soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatgich 2019-yil yil yakuni bilan 6,8 trln. soʻmni tashkil qilib, aholiga jon boshiga 12,5 mln soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan 8,3 trln. soʻmga (oʻtgan yilning mos davriga 102,1 foizga koʻpayish) va aholiga jon boshiga 13,3 mln soʻmga yetkazish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, 2021-yil 1 yarim yillikda 4,9 trln. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish yoki oʻtgan yilning mos davriga 103 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Samarqand shahrida 1-dekabr holatiga 15 243 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Jumladan, 9 809 ta kichik biznes subyektlari, 5 434 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar. Yanvar-noyabr oylarida jami 3 935 ta yangi xoʻjalik subyektlari tashkil qilindi. Yil yakunigacha yana 230 ta yangi korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Joriy yilda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tijorat banklari tomonidan barcha moliyalash manbalari hisobidan shahardagi 11 903 ta yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik loyihalariga 1 trln 693 mlrd.soʻm kreditlar ajratildi.

Shahardagi “Agro bank”, “Halq banki” va “Mikrokreditbank” hududiy filiallari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari asosida jismoniy va yuridik shaxslarning 722 ta loyihalariga 26,6 mlrd.soʻm imtiyozli kredit ajratildi.

Jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida 612 ta loyihaga 18,2 mlrd.soʻm, “Fermer, dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” hisobidan 4 ta loyihaga 82 mln. soʻm, hunarmandchilik sohasidagi 59 ta loyihaga 2,2 mlrd.soʻm, xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan 5 ta loyihaga 532 mln.soʻm, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi asosida 10 ta loyihaga 4,6 mlrd.soʻm imtiyozli bank kreditlari ajratildi.

Bu boradagi ishlar kelgusi yilda ham davom ettiriladi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan pandemiya sharoitida tadbirkorlik subyektlarini har taraflama qoʻllab quvvatlash boʻyicha bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Shundan kelib chiqib, 2 603 ta kredit shartnomalari boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining 704,6 mlrd soʻmlik kredit toʻlovlari muddati uzaytirildi.

Jumladan, 1925 ta yuridik korxonalarning 455 mlrd. soʻmlik; 678 ta YATTlarning 19,7 mlrd.soʻmlik kreditlarining muddati uzaytirildi. 118 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 3,4 mlrd.soʻm soliqlari toʻlov muddati kechiktirildi. 592 ta korxonaning 758 mln.soʻm soliq qarzi va penyasi hisobdan chiqarildi. 3317 ta YATTlarda 1,1 mlrd. soʻm,7 598 ta mikrofirma va kichik korxonalarda 27,9 mlrd. soʻm ijtimoiy soliq stavkasini kamaytirilishi hisobiga ularning ixtiyorida qoldirildi. 836 ta kichik tadbirkorlik subyektlari 3,7 mlrd. Soʻm mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashdan ozod etildi. 2 392 nafar karantin tufayli faoliyatini vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻlgan YATTlarga 5,7 mlrd. soʻm soliq hisoblanmadi. 5 668 ta korxonaning 19,9 mlrd. soʻm soliq qarzini majburiy tartibda undirilishi toʻxtatildi.

Joriy yilda shaharda aholi bandligiga koʻmaklashish, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni bandligini taʼminlash borasida Xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi, manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda shaharda mehnatga layoqatli aholi soni (mehnat resurslari) 318,1 ming kishini tashkil etib, shundan 81,4 foizi yoki 253,6 ming kishi iqtisodiy faol aholi hisoblanadi.

Iqtisodiy faol aholining 9,1 foizi yoki 23,3 mingga yaqin fuqaro ish oʻrinlariga muhtoj, ishsizlik darajasi ayollar oʻrtasida 12 foizni va yoshlar oʻrtasida 14,4 foizni tashkil qilmoqda.

Bu yildan shahar Bandlika koʻmaklashish markazi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga “Yagona oyna” tamoyili asosida xizmatlar koʻrsatish tizimi joriy qilindi. 2020-yil 11 oyida 6942 nafar fuqarolarga bandlik sohasidagi xizmatlar koʻrsatildi.

Xususan, 3830 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ish joylariga ishga joylashtirildi, 483 nafar fuqaro mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitildi, 34 nafar ishsizlarga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, ijtimoiy muhofazaga olindi, 616 nafar yaqin fuqarolarga mehnat bandlik masalalari boʻyicha huquqiy maslahat xizmatlari koʻrsatildi.

Samarqand shahar xokimining qarori asosida 2020-yilda band qilingan 4401 ta ish oʻrinlariga 3610 nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ishga joylashtirildi.

64 nafar ogʻir turmush sharoitida yashovchi ayollarimizning bandligi taʼminlash boʻyicha manzilli ishlar tashkil qilinib, oʻtgan davr mobaynida ularning barchasini bandligi taʼminlandi.

Xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida 2020-yil 11 oyida mehnat organlari tomonidan 2671 nafar xotin-qizlarga xizmatlar koʻrsatildi.

Xususan, 1671 nafar xotin-qizlar doimiy ish joylariga ishga joylashtirildi, 296 nafar xotin-qizlar kasbga oʻqitildi, 25 nafar ishsizlarni ishsizlik nafaqasi bilan taʼminlanib, ijtimoiy muhofazaga olindi, 184 nafar yaqin xotin-qizlarga mehnat bandlik masalalari boʻyicha huquqiy maslahat xizmatlari koʻrsatildi.

Shuningdek, 2020-yil 11 oyida mehnat organlari tomonidan
2965 nafar yoshlarga xizmatlar koʻrsatildi. Xususan, 1952 nafar yoshlar doimiy ish joylariga ishga joylashtirildi, 189 yoshlarni kasbga oʻqitildi, 18 nafar yoshlar ishsizlik nafaqasi bilan taʼminlanib, ijtimoiy muhofazaga olindi, 119 nafar yaqin yoshlarga mehnat bandlik masalalari boʻyicha huquqiy maslahat xizmatlari koʻrsatildi.

Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida ishsiz va vaqtincha ishini yoʻqotgan hamda xorijga ishlash uchun keta olmagan fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish, shaxsiy tomorqasiga va qishloq xoʻjaligi kooperativlarni tashkil etgan holda, subsidiya ajratish orqali bandligi taʼminlash choralari koʻrildi.

Jumladan 30 nafar (18 nafar xotin-qizlar, 11 nafar yoshlar) ishsiz fuqarolarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, tadbirkorlikka oʻqitish va kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi uchun xarajatlarni qoplash uchun 25,6 mln.soʻm, xodimlarini aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasi bilan ishga qabul qilgan 3 ta ish beruvchilarga
34 nafar (33 nafar xotin-qizlar, 16 nafar yoshlar) xodimlarini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xarajatlarni qoplash uchun 87,4 mln.soʻmlik subsidiya mablagʻlari ajratildi.

Bugungacha shaharda 11,5 ming nafar fuqarolar oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatga olindi va belgilangan yillik reja (9 229 ta) 125 foizga bajarildi. Yil yakuniga qadar oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar sonini 13 ming nafarga yetkazish belgilangan.

2021-yilda ham 7,6 ming fuqaro maqsadli dasturlar doirasida yaratiladigan va boʻsh vakant ish oʻrinlariga ishga joylashtiriladi. Shu bilan birga, tashkil qilingan kasb-hunar markazlarida 500 nafar ishsiz fuqarolar kasblarga oʻrgatiladi.

Shuningdek, sektorlarda faoliyat yuritayotgan “kambagʻalchilikni qisqartirish shtabi” aʼzolari, deputatlar hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning oʻrinbosarlari bilan birgalikda shahar hududida kambagʻal, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti oʻrganilib, 22 ming 282 aʼzolari boʻlgan 5613 ta oila “Temir daftar”ga kiritildi.

“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida bu oilalarni qoʻllab quvvatlash maqsadida bugungacha sahovatpesha tadbirkorlarimiz hamda sahiy fuqarolarimiz hisobidan 5,2 mlrd. soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, chorva mollari va boshqa turdagi ijtimoy koʻmaklar koʻrsatildi.

Bugungacha “Temir daftar”dagi 4730 nafar ishga muhtoj fuqaroning 4551nafari yoki 96,2 foizi turli sohalarga ishga joylashtirildi, 112 nafariga 3,1 mlrd soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi, 24 nafar fuqaroga subsidiya asosida isiqxonalar qurib berildi.

Bularning natijasida bugungacha 2 854 ta oila turmush sharoiti yaxshilanganligi inobatga olinib, oʻz murojaatlariga muvofiq, sessiya qarorlari asosida “Temir daftar” dan chiqarilgan boʻlsa, 610 ta oila yangidan “Temir daftar” ga kiritildi.

1-dekabr holatiga “temir daftar”da 3369 ta oila qolayapti. Shundan, boquvchisini yoʻqotgan, surunkali kasalligi mavjud, pensioner, yakka yolgʻiz va mehnatga layoqatli aʼzolari mavjud boʻlmagan 1412 ta aʼzosi mavjud 901ta oilani sektor rahbarlari bilan birgalikda otaliqqa olinib, har taraflama ijtimoiy qoʻllab quvvatlab kelinmoqda.

Samarqand shahrida 2020-2022-yillar davomida umumiy qiymati 3 trln. 249 mlrd. 204 mln. soʻm boʻlgan 108 ta ustuvor loyihalar amalga oshirilishi va 4925 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan.

Shundan, 2020-yilda qiymati 1 trln. 102 mlrd. 842 mln. soʻmlik 67 ta loyihada 1179 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan.

Jumladan, sanoat yoʻnalishida qiymati 856 mlrd.
81 mln. soʻmlik 25 ta loyihada 619 ta ish oʻrinlari, xizmatlar koʻrsatish yoʻnalishida qiymati 229 mlrd. 681 mln.soʻmlik 40 ta loyihada 552 ta ish oʻrinlari, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida qiymati 17 mlrd. soʻmlik 2 ta loyihada 8 ta ish oʻrinlari tashkil etilishi belgilangan.

2020-yilning 11 oyida belgilangan reja ortigʻi bilan bajarilishiga erishildi, yaʼni 71 ta loyihalarni amalga oshirish orqali 473 mlrd. 617 mln.soʻm oʻzlashtirildi.

Joriy yil yakuniga koʻra jami 83 ta loyiha ishga tushirilishi va 1,2 trln. soʻm qiymatidagi sarmoyalar oʻzlashtirilishi, natijada 1523 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.

2021-yilda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dastaval shakllantirilgan dasturga koʻra jami 3,5 trln. soʻmlik, 220 ta loyiha ishlab chiqildi, ushbu loyihalar ishga tushirilgach 2021-yilda qoʻshimcha 5400 nafar ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirildi.

Samarqand shahrining 2020-yil toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar boʻyicha rejasi 64,5 mln dollar boʻlib, bugungi kunda 59,0 mln. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar oʻzlashtirildi.

Joriy yil yakunga koʻra 65 mln. dollarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar oʻzlashtirilishi kutilmoqda.

Misol uchun, Samarqand shahrining Xishrav-2 massivida Urgut EIZ hududida “Azia Metall Prof” MCHJ QKning yirik investitsion loyihasi bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Korxonaning xorijiy hamkori “Xinjifng Zhongde Jiarun Trade Co.Ltd” kompaniyasi (Xitoy).

Korxona 3 bosqichdan iborat loyihalarni ishga tushirish evaziga, 80 mln. AQSH dollari, shundan tashabbuskorlarning 28,5 mln. dollar oʻz mablagʻlari, 20,0 mln. dollar bank krediti hamda 31,4 mln. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi hamda ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida 500 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilab olingan.

Pandemiya shahardagi toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya dasturiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qoʻymadi shular jumlasiga Xitoy davlatining “Silu Yizhan Tourism Development LLC” kompaniyasi bilan tuzilgan 20 mln.dollarlik “Karvon Saroy” loyihasi, Janubiy koreyaning NeO&Saram.Co.Ltd kompaniyasi bilan 50, mln.dollarlik mexmonxona loyihasi, Rossiya davlatining OOO “Ross – Mramor” kompaniyasining 10 mln.dollarlik mramor ishlab chiqarish loyihasi, Xitoy davlatining “Huacheng technology” kompaniyasining 1,5 mln.dollarlik LED lampalar ishlab chiqaish loyihalari bularga misol boʻla oladi.

Albatta boʻlarning oʻrniga Xorijiy kreditlarni jalb qilgan holda yangi loyihalar ishlab chiqildi.

2020-yil Investitsiya Dasturi asosida 161,8 mlrd.soʻmlik 7 ta umumtaʼlim maktablarida, 6 ta sogʻliqni saqlash, 2 ta oliy taʼlim va 2 ta boshqa davlat obyektlarida qurish, rekonstruksiya qilish ishlari olib borilib, obyektlar foydalanishga topshirish bosqichida.

Jumladan, Amir Temur koʻchasida qurilayotgan loyiha qiymati 45 mlrd.soʻm boʻlgan Prezident maktabi yoki loyiha qiymati 31,2 mlrd.soʻm boʻlgan Qorasuv massivida sigʻimi 1680 oʻrinli yangi maktab binosi qurilishi bunga misol boʻla oladi.

Shu bilan birga, 10 ta maktabgacha taʼlim muassasalarida jami 31,5 mlrd.soʻmlik qurish taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 8 ta ijtimoiy soha muassasalarida qurish va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, viloyat inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jami 19,5 mlrd.soʻmlik 6 ta maktablarda qoʻshimcha bino qurish va maktab binolarini taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

2021-yilda ham 42 da ortiq ijtimoiy soha muassalarida qurish, mukammal taʼmirlash, rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilish ishlarini amalga oshirishga katta etibor qaratilib, bugungi kunda 1 ta quvvati 240 qatnovga moʻljallangan Oilaviy poliklinika binosi,
7 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 1 ta madaniyat va istirohat bogʻi, 1 ta kinoteatr binosi, 10 ta mahalla fuqarolar yigʻini, 5 ta “Yoshlar kovorking” markazlari qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda.

Aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida joriy yilda Qorasuv massivida “Oʻzshaharqurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan jami 3 ta 16 qavatli (240 ta xonadon) uy-joylar, harbiy xizmatchilar uchun “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan 3 ta 5 qavatli (90 ta xonadonlar) uy-joylar, “Agromir Bildings” MCHJ tomonidan 26 ta 12 va 16 qavatli jami (2130 ta xonadon) koʻp xonadonli turar-joy binolari qurilib, foydalanishga topshirish bosqichida.

“Oʻzshaharqurilish invest” tomonidan qurilgan 3 ta uy-joylardagi 240 ta xonadonlar imtiyozli ipoteka kredit mablagʻlari hisobidan fuqarolarga ajratilgan boʻlsa, “Agromir Bildings” MCHJ tomonidan qurilgan uy-joylardan 577 ta xonadonlar olinishi uchun 577 ta fuqarolarga subsidiyalar ajratilib berildi.

2021-yilda Qorasuv massivida yangi tartibga muvofiq 10 ta 16 qavatli 960 ta xonadonli turar-joy binolarini qurish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga shaharning turli hududlarda xususiy sektorlar tomonidan 70 da ortiq koʻp xonadonli turar-joy binolari qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Samarqand shahri boʻyicha 2020-yilda 101,6 mln dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sanoat mahsulotlar 76,8 mln dollar, qishloq xoʻjalik mahsulotlari 24,7 mln. dollar.

Joriy yilning yanvar-noyabr oylari eksport rejasi jami
94,5 mln. dollar boʻlib, haqiqatda 80,6 mln.dollarlik eksport amalga oshirilgan, belgilangan reja 85 foizga yoki -14,0 mln. dollarga kam amalga oshirilgan.

Turizm Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsiri oqibatida eng koʻp zarar koʻrgan va koʻrayotgan sohalardan biri boʻldi. Ushbu vaziyat tufayli shaharga tashrif buyurgan turistlar soni hamda ular tashrifidan olinadigan turistik xizmatlar eksporti keskin kamaydi. Xususan, oʻtgan 2019-yilda jami 3 120 000 nafar sayyohlar tashrifi kuzatilgan boʻlsa, bu yil ushbu koʻrsatkich 500 ming nafarni tashkil etdi.

Shahardagi 250 ta joylashtirish vositalarida joriy yilning 9 oyi uchun 120 ming nafar xorijiy fuqarolarga joylar band qilingan edi, tashriflar bekor qilinishi oqibatida joylashtirish vositalari 95 mlrd, 300 mln. soʻmlik tushumlardan mahrum boʻldi. 331 ta turizm yoʻnalishidagi korxonalar faoliyatini toʻxtatib, 4530 nafar fuqarolar vaqtincha ishsiz qoldi.

Shunga qaramasdan tadbirkorlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchi va say-harakatlari natijasida 2020-yil 11 oy yakuni bilan 60 dan ziyod turistik loyihalar ishga tushirildi, jumladan mehmonxona va mehmon uylari, koʻngil ochar maskanlar foydalanishga topshirildi. Turistik tashkilotlar tomonidan Sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi 8 ta turistik mikroavtobuslar sotib olindi.

Bugungi vaziyatdan kelib chiqib, mutaxassislar sayyohatlarni koʻproq tabiat qoʻynida tashkil etishni tavsiya etishmoqda. Shu maqsadda, bugungi kunda pandemiya sharoitiga qaramasdan sayyoxlik tashkilotlar tomonidan Samarqand shahri va viloyatning tabiati maftunkor togʻli hududlarida, tabiat qoʻynida turli xil tematik oʻziga xos muhitga ega dam olish maskanlariga sayohatlar marshrutlari kengaytirildi. Xususan, Samarqand shahri Bogʻibaland MFYda joylashgan “Anjirzor” maskani tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 828-son qarori ijrosi yuzasidan Samarqand shahar Orzu Maxmudov koʻchasini gastronomik koʻchaga aylantirish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda mazkur koʻchada 20 ga yaqin umumiy ovqatlanish shahobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Jumladan, Islom Karimov, Alisher Navoiy hamda Universitet xiyobonini turistik maskanga aylantirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqildi. Shu bilan bir qatorda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetiga tutash hududida “turizm taʼlim bogʻi” loyihasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda mazkur loyihani tashkil etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

2021-yilda aholini ish bilan taʼminlash hamda yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida turizm sohasida 1 trln. 200 mln. soʻmlik 107 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirildi.

Samarqand shahri boʻyicha jami 1821 ta koʻchalar mavjud boʻlib, ularning umumiy uzunligi 848,06km.ni tashkil etadi. Shundan 444,6 km markaziy shahar koʻchalari boʻlsa, 403,4 km shahar ichki koʻchalari hisoblanadi.

Joriy yilda tasdiqlangan dasturlarga muvofiq injiniring kompaniyalari tomonidan respublika byudjet, inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi, investitsiya dasturi hamda viloyat farovonligini oshirish jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan loyiha qiymati jami 790 mlrd.soʻm boʻlgan jami 59,9 km yoʻl qurish ishlari boshlab yuborilib, bugungi kunga qadar 356 mlrd.soʻmlik qurilish pudrat ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, 86,2 km. shahar ichki koʻchalarida jami 20,1 mlrd.soʻmlik mukammal va joriy taʼmirlash ishlari bajarildi.

Hozirgi kunda, 2021-yilda shahardagi barcha mahallalarning ichki koʻchalarini toʻliq taʼmirlash boʻyicha hatlov ishlari olib borilib, jami 157 ta MFY hududidagi 603 ta koʻchalarda jami loyiha qiymati 99,4 mlrd.soʻm boʻlgan umumiy uzunligi 251,2 km. yoʻllarni taʼmirlash talab etilishi hisob-kitob qilindi.

Joriy yil piyodalar yurish yoʻlkalarini tashkil etish va trotuar qurishga alohida eʼtibor qaratilib, bugungi kunga qadar 15,4 km masofada trotuar yoʻlaklar qurildi va bu kabi ishlarni 2021-yilda ham samarali davom ettirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Asariyat koʻchalarda, avtotransport vositalarini saqlash uchun maxsus joylarning yoʻqligi, koʻchalarda yoʻllarning qatnov qismida avtomashinalarni qoldirib ketilishiga sabab boʻlmoqda. Bu kabi holatlarga yechim topish maqsadida tizimli oʻrganishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda shahar boʻyicha obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli 15 ta avtomobil toʻxtab turish joylari tashkil qilinib, pullik xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilda, yoʻllardagi tirbandliklarni oldini olish va shaharning jozibadorligini oshirish maqsadida Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalari kesishmasida loyiha qiymati 67,7 mlrd.soʻm boʻlgan, umimiy uzunligi 534 metr, tonnel qismi 93 metr boʻladigan yoʻl oʻtkazgich qurilishi ishlari boshlab yuborildi.

2021-yilda “Rofe Xamrayev” xoʻjaligi hisobidan Samarqand shahri tusarrufiga berilgan hududni Samarqand shahri bilan bogʻlash maqsadida “Qoradaryo” daryosi ustidan oʻtuvchi loyiha qiymati 80,5 mlrd.soʻm boʻlgan koʻprik qurilishi ishlari boshlanadi.

Bundan tashqari, 2022-yilga qadar “Abu-Dabi” rivojlantirish fondi imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan jami 320 mln.dollarlik bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Xususan, Gagarin koʻchasining davomini qurib, kengaytirish hisobiga M-39 yoʻlini Xoʻja Ahrori Vali koʻchasi orqali M-37 bilan bogʻlash belgilanib, bugungi kunda loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilmoqda.

Prezidentimizning tashabbuslari bilan Samarqand shahrining 2040-yilga moʻljallangan Bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha berilgan topshiriqlarga muvofiq, bugungi kunda, shahar hududini kengaytirib, milionlik shahar maqomini olish borasida hamda uning 2040-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi ishlab chiqish boʻyicha tizimligi ishlar olib borilmoqda.

Shahar bosh rejasining asosiy koʻrsatkichlari Samarqand mahalliy tizimini turistik, maʼmuriy-xoʻjalik, ilmiy, madaniy va sanoat markazi jihatidan yana-da rivojlantirishni koʻzda tutadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?