Samarqand sammiti oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan yanada mustahkamlaydi

22:54 15 Sentyabr 2022 Siyosat
538 0

Insoniyat oʻtmishining har bir davri, hatto daqiqalarigacha oʻz qadr-qimmati, mazmun-mohiyati va murakkab muammolari bilan kechadi. Binobarin, bugungi kun ham butun dunyoni mutlaqo oʻzgacha, mislsiz murakkab va nihoyatda ziddiyatli davrga roʻbaroʻ etib turibdi. Bugun insoniyat koʻndalang boʻlayotgan ushbu masalalarning behad keskinligi va dolzarbligi, atrofda sodir boʻlayotgan turli tabiiy falokatlar, insoniyat salomatligi, genofondiga tahdid solayotgan kasalliklar, katta-kichik siyosiy algʻov-dalgʻovliklar ochiq-oydin koʻzga tashlanmoqda. Bunday sharoitda dunyoning qaysi iqlimida boʻlmasin har bir kishi oʻz hayoti, farzandlari, millati va nihoyat insoniyat kelajagi xususida oʻyga toladi, najot axtaradi. Shu jihatdan bugun butun dunyo nigohi Samarqandga qaratilgan, desak aslo mubolagʻa emas.

Roʻyi-zamin sayqali siyosiy maydonda eng yosh Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi sammitiga mezbonlik qilmoqda. Aslida Samarqand sammitiga qiziqishlar ancha ilgariroq boshlanib, taxminlar, bashoratlar ilgari surildi. Imkoniyatlar chamalandi. Bir qator masalalar ochiq va mavhum qolgani ham bor gap edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sammit arafasida respublikamiz va bir qator xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarida nashr etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi esa hech bir savolga oʻrin qoldirmadi.

Chindan ham bugun Shanxay hamkorlik tashkiloti sayyoramizning nufuzli va xalqaro maydonda kechayotgan jarayonlarga taʼsir oʻtkazish salohiyatiga ega tashkilotiga aylandi. Ushbu mavqega erishishning asosiy omili, shubhasiz, mazkur xalqaro tashkilotda oʻziga aʼzo davlatlarning teng manfaatli hamkorligining yoʻlga qoʻyganligidir. Ushbu hamkorlik SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirishga keng imkon yaratganligini mamlakatimizning har bir fuqarosi soʻnggi yillarda oʻz hayotlarida his etib turibdi, desak ayni haqiqatni eʼtirof etgan boʻlamiz.

SHHTning yana bir jozibasi — uning turli bloklardan xoli holda ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yoʻl qoʻymasligidadir. Tashkilotga aʼzo davlatlar safining kengayib borayotganligi, xalqaro maydondagi xayrihoxlikni ham aslida shu bilan izohlash joiz. Boisi bugunga kelib SHHT geografik jihatdan ulkan makonni qamrab, dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan holda, nainki mintaqa, balki sayyoramizdagi turli muammolar, davlatlararo mojarolar orqali tinchlikning buzilishi, energiyaga boʻlgan ehtiyojning kundan-kunga oshib borishi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarni tanqisligining ortishi kabi masalalarni hamkorlik asosida muvaffaqiyatli hal etishga keng maydon yaratib bermoqda.

Davlatimiz rahbari oʻz maqolasida insoniyat bugun roʻbaroʻ turgan muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yoʻli — konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlikda ekanligiga urgʻu berib, hech bir mamlakat xoh katta, oʻrta, kichik boʻlsin ushbu global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emasligini taʼkidlaydi.

Shu jihatdan Samarqand sammiti doirasida qoʻshni Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarga tobora keng jalb etilayotgani nihoyatda quvonarli holdir. Zero, Afgʻonistonda tinchlik va osoyishtalikning taʼminlanishi, barqarorlashuv nafaqat Markaziy Osiyo, balki qitʼalararo transport va iqtisodiy oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim geosiyosiy voqea boʻladi.

Sammitda SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiluvchi hujjatlar imzolanishi shubhasiz. Tabiiyki, ushbu hamkorlik fan va taʼlim sohalarida ham aloqalarni, oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan mustahkamlaydi. Shu maʼnoda insoniyat tamaddunida Sharq va Gʻarb Renessanslariga beshik boʻlgan qadim va navqiron kent yana bir uygʻonish davriga “Samarqand ruhi”ni berishi shubhasiz.
Bahodir SOBIROV,
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor,
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?