Samarqand yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo ochiq chempionatiga mezbonlik qiladi

11:00 23 Sentyabr 2022 Jamiyat
306 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun Samarqand shahrida yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo toʻrtinchi ochiq chempionatga start berildi.

23-25-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan mazkur xalqaro musobaqalarda 11 davlatdan 300 dan ortiq sportchi ishtirok etadi. Unda qatnashish uchun yurtimizga Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, Malayziya, Tailand va Filippin terma jamoalari tashrif buyurdi.

Musobaqalar Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Yengil atletika federatsiyasi tomonidan Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi va “Oʻzbekneftgaz” AK koʻmagida tashkil etiladi.

Samarqand shahridagi “Afrosiyob Arena” sport majmuasi yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo ochiq chempionatiga shay holatga keltirildi.

Sportchilar asosiy yugurish yoʻnalishlaridan tashqari, texnik yoʻnalishlar, yaʼni balandlikka sakrash, tayanib sakrash, uzunlikka sakrash, disk, bolgʻa va nayza uloqtirish boʻyicha ham bahslashadilar.

Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari deyarli barcha yoʻnalishlar boʻyicha bellashadilar.

Musobaqaning uchinchi kuni “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi kubogi hamda «Save Aral 2022» xalqaro xayriya yugurish musobaqasining navbatdagi bosqichi ham boʻlib oʻtadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?