Samarqand davlat universiteti rektori Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi prezidentligiga saylandi

16:23 19 Sentyabr 2022 Jamiyat
274 0

Rossiyada “Oltoy – Osiyo” V xalqaro taʼlim forumi doirasida Osiyo universitetlari assotsiatsiyasining kongressi oʻtkazildi.

Anjumanda Assotsiatsiyaga kiruvchi 8 davlatdan (Oʻzbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston ,Moʻgʻuliston, Tojikiston, Armaniston) 72 ta universitetning rektor va prorektorlari, jami 112 nafar delegat ishtirok etdi.

Ushbu forumda Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov onlayn qatnashdi. Shuningdek, SamDU xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Akmal Axatov maʼruzasi bilan chiqish qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, 2020-2022-yillardagi ishlarni sarhisob qilish, Assotsiatsiyaning yangi aʼzolarini qabul qilish va tasdiqlash, Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti va vitse-prezidentlarini saylash va boshqa tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.

Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov Osiyo universitetlari assotsiatsiyasining yangi prezidenti etib saylandi. 

Assotsiatsiyaga prezidentlik lavozimining muddati ikki yil boʻlib, bu 2022 — 2024-yillarni oʻz ichiga oladi. 

R. Xolmurodov anjuman qatnashchilarini ish rejasi bilan tanishtirdi. Unda Osiyo mamlakatlarida assotsiatsiyani institutsionalizatsiya qilish va universitetlarning ishga jalb qilinishini kuchaytirish, Assotsiatsiyaga yangi ishtirokchilarni kiritish hamda hamkorlik geografiyasini kengaytirish, qoʻshma oʻquv dasturlarini taqdim etish, tadbirlar roʻyxatini tasdiqlash masalalari koʻrsatilgan.

Osiyo universitetlari assotsiatsiyasining prezidenti, Samarqand davlat universiteti rektori R. Xolmurodov IT texnologiyalar, agrobiotexnologiyalar sohasini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, mintaqalardan kelib chiqib, ekologik muammolarni bartaraf etish yuzasidan Assotsiatsiya tarkibidagi universitetlar oʻrtasida ilmiy guruhlar tuzish, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish va ilmiy maʼlumotlar almashish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish yuzasidan takliflarni ilgari surdi.

Bu gʻoyalar nafaqat taʼlim sifatini yaxshilash, balki zamonaviy texnologiyalar boʻyicha tajriba almashish, yuqoridagi 72 ta universitet oʻzaro hamkorlikni doimiy yoʻlga qoʻyish imkoniyatini beradi.

Behruz Shamsiddinov,

Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?