Salbiy odatlarning bolalar salomatligiga taʼsiri qanday?

13:45 27 Fevral 2024 Jamiyat
108 0

Иллюстратив фото

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017 — 2022-yillarda onalar oʻlimi koʻrsatkichi 1,5 baravarga, goʻdaklar oʻlimi esa 1,3 baravarga kamayishiga erishildi. Bu masala boʻyicha mamlakatimizda bir qancha qarorlar va qonunlar ishlab chiqilmoqda. Jumladan “Ona va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida ham bu masalaga juda katta eʼtibor qaratilgan. Chunki sogʻlom onadangina sogʻlom farzand dunyoga kelishi mumkin.

Bolalar salomatligiga taʼsir etuvchi omillar ikki qismga: birinchisi endogen, ikkinchisi ekzogenga boʻlinadi . Endogen omillarga irsiy yoki tugʻma omillar – turli irsiy kasalliklar, muddatdan oldin tugʻilishlar kirsa, ekzogen omillar esa oʻz ichiga tabiiy, ijtimoiy omillarni oladi.

Tabiiy omillarga — tabiiy muhit, iqlimning oʻzgarishi va boshqalarni kiritishimiz mumkin. Atrof-muhitimizning tabiiy holati ilmiy texnika revolyutsiyasi, shaharlar koʻpayishi, qishloq-hoʻjalikni kimyolashtirilishi va boshqa omillar sababli ekologik muvozanatining buzilishiga olib keldi. Bunday disbalans holat ijtimoiy salomatlikka sezilarli darajada taʼsir qiladi.

Bugungi kunda ham tabiiy, ham texnogen omillar yoki aholini notoʻgʻri turmush tarzi natijasida bolalarning rivojlanishida turli patologik holatlarni yuzaga keltirmoqda. Bugungi kunda yuqumli kasalliklar emas, turli neyrogen boʻlgan kasalliklarning soni oshib bormoqda. Koʻpayib borayotgan asab-ruh taranglanishlarini oldini olish uchun inson koʻproq tabiat bilan muloqotda boʻlishi zarur.

Tabiat dargohida dam olganda odamning ham jismoniy, ham ruhiy charchogʻi yoziladi, kuchlar tiklanadi, ish qobiliyati oshadi. Tabiat barcha dorilarni oʻrnini bosish mumkin, lekin hech qaysi dori tabiatni oʻrnini bosa olmaydi. Shuning uchun sihat-salomatlik davlat dasturida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik meʼyorlarini tatbiq etish, aholini sifatli ichimlik suv bilan taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda.

Ijtimoiy omillargaiqtisodiy sharoit, ijtimoiy tuzum, mehnat qilish va boshqalarni kiritishimiz mumkin. Ijtimoiy muhit murakkablashuvi natijasida turli ruhiy stresslar boʻlishi odamlarda ruhiy tabiatiga ega boʻlgan kasalliklarning sonini ortib borishiga olib keldi. Keyingi yillarda tibbiyot xodimlari hamma kasalliklarning asosida stress yotishini taʼkidlashmoqda.

Ayniqsa, ruhiy stress (xafa boʻlish, suyunish, achchiqlanish)larning oqibatida paydo boʻlgan kasalliklar koʻpayib bormoqda. Demak, jamiyatda, mahallada va oilada meʼyoriy ruhiy iqlim ham salomatlikka katta taʼsir koʻrsatuvchi kuchdir. Bu omillar na faqat sogʻliq holatiga, balki bolalarda turli sohalarga qiziqishlarni uygʻotishga va rivojlanishga imkoniyat beradi.

Ijtimoiy omillardan sanitariya-gigiyena turli kasalliklarni oldini olishda muhim omillardan biridir.

Tibbiyot fanidagi tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, agar odamning sogʻligʻi 100 % deb olinsa, uning 50 % turmush tarziga, 20 % nasl xususiyatlariga bogʻliq boʻladi.

Rossiyada oʻtkazilgan tadqiqotlarda jami 686 ta (308 ta qiz, 378 ta oʻgʻil bolalar) bolalar oʻrtasida anketalar asosida olib borilgan soʻrovnomalarda qizlarning 42,2% i sigaret chekishni (jumladan elektron sigaret) sinab koʻrgan boʻlib, ulardan 17,5% i chekishni davom ettirib kelayotganligi aniqlangan.

Qizlarni chekishi koʻpincha 13-17 yoshdan boshlanib, 15 yoshga yetganda eng yuqori koʻrsatgichga yetadi. Oʻgʻil bolalarda esa bu koʻrsatgich 45,0 %ni tashkil qilib, ular chekishni dastlab sinab koʻrganlar hisoblanadi. Ularni orasida doimiy chekishga oʻtganlar 24,3 %ni tashkil qilgan.

Oʻgʻil bolalarda chekishni boshlash asosan 10-17 yosh boʻlib, eng yuqori koʻrsatgichga chiqishi 14-16 yoshga toʻgʻri kelgan. Afsuski, bizda ham maktab yoshidagi bolalarda bu odatlar kam emas. Hozirda ayniqsa yoshlar orasida elektron sigaretlarni ommalashayotgani albatta salbiy holat hisoblanib, bolalarni salomatligida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Texnika rivojlanganligi tufayli jismoniy mehnatga ehtiyoj borgan sayin kamayib borib, harakat passivligi gipodinamiya, sogʻlikka salbiy taʼsir koʻrsatuvchi eng kuchli va keng tarqalgan holat keltirib chiqaradi. Shahar va qishloqlar borgan sayin sharoitlarni yaxshilanishi, ish unumini oshirish va vaqtni tejash koʻpchilikka maʼqul hisoblanadi, ammo bunday qulayliklarning darrov koʻzga tashlanmaydigan ayanchli va tashvishga soladigan boshqa tomoni ham bor.

Qulay sharoitda yashayotganligi uchun, odamlar, jumladan bolalar, kam harakatlanib, bu holat ular uchun meʼyor boʻlib, odatga aylanib qolmoqda. Natijada tabiiy ravishda gipodinamiya bilan bogʻliq boʻlgan kasalliklar – birinchi navbatda yurak-tomir, asab va suyak-muskul kasalliklari tobora koʻpaymoqda. Organizmning kislorod bilan taʼminlanishi kamayib borib, qon tomirlar tarangligi oʻzgarmoqda.

Hozirgi kunga kelib bolalar oʻrtasida mobil telefondan foydalanuvchilarni soni yildan yilga oshib borayotgani sir emas. Bu mobil telefonlarni juda koʻp qulayliklari bor albatta. Ammo Yevropalik olimlarning taʼkidlashlariga qaraganda, 3 foiz odamlar yuqori elektrosezuvchanlik holatidan aziyat chekadilar. Bu degani ushbu insonlarning organizmi elektromagnit toʻlqinlarga oʻta sezgir hisoblanadi. Bu xildagi toʻlqinlar birinchi galda bolalarda leykemiya, katarakta, miya oʻsmasini keltirib chiqaradi, qon-tomir va asab tizimi faoliyatini buzadi, bu oʻz navbatida DNK tarkibi buzilishiga ham olib kelishi mumkin.

Maʼlum boʻlishicha, 1 mgts va undan yuqori radio toʻlqinlari toʻqimalarni qizdirish xususiyatiga ega. Hatto magnit maydoni ayrim bir boʻlak toʻqimalarning haroratini 100 S gacha koʻtarishi mumkin ekan. Bu oʻz navbatida homilador ona qornida fertil faoliyatini buzadi va garmonal fonni izdan chiqaradi. Yevropa mamlakatlarida nurlanish darajasining ruxsat etilgan meʼyori 2 Vt/kg, aynan ana shu daraja toʻqimalarni qizdirmaydi. Mobil telefonlarning zarari toʻgʻrisida aniq dalillar boʻlmasada, uning organizmga xavfi kundan-kun oshayotganligini dunyo olimlari va tibbiyot xodimlari maʼlum qilmoqdalar.

Mobil telefonlardan nurlanishga, ayniqsa, bolalar taʼsirchandir. Olimlar, mobil telefonlardan foydalangan bolalar, xotira va uyqu buzilishi xavf-xatariga koʻproq duchor boʻlishlari haqida ogohlantirganlar. Ularning asosiy sababi, sust harakatdagi elektromagnit toʻlqinlarining bolaning kichkina va nisbatan ingichka miya qobigʻiga kirib borishi bilan tushuntiriladi.

Olimlarning aniqlashlaricha, mobil aloqa — inson organizmi uchun zararli boʻlgan elektromagnit nurlanish manbai hisoblanadi. Hozirgi kunga kelib, elektromagnit toʻlqinlar hujayra darajasidagi oʻzgarishlarni ragʻbatlantirib, gen tartibidagi buzilishlarga, hamda kasal hujayralar va oʻsimtalarning paydo boʻlishiga sabab boʻlayotganligi isbotlangan.

Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, bugun dunyoda 4,6 mlrd. abonent mobil telefondan foydalanadi. Ayniqsa, keyingi yillarda uyali aloqa vositasi nafaqat gaplashish, balki boshqa maqsadlar uchun ham ishlatilmoqda.

Elektromagnit toʻlqinlardan nurlanishning salbiy taʼsiri toʻgʻrisida koʻplab tadqiqot natijalari maʼlum qilinmoqda.

Masalan, irlandiyalik tibbiyot xodimlari maʼlumotlariga qaraganda, mamlakatda mobil telefon ishlatuvchilarning har 20 nafaridan biri uning zararidan aziyat chekar ekan. Ulardagi asosiy klinik belgilar quyidagilar, yaʼni charchash, fikrlashda chalkashlik, bosh aylanishi, uyqusizlik yoki uning buzilishi, koʻngil aynashi, terida sezgirlik oshishi bilan kuzatilmoqda.

Angliyalik olimlar ham telefonning organizmga zarari toʻgʻrisida amalga oshirgan ilmiy izlanishlari mahsuli sifatida, uning zarari birinchi galda terida ekzema, astma, qon hujayralari buzilishi, erkaklik faoliyatiga, ayniqsa oʻsuvchi organizmga salbiy taʼsiri toʻgʻrisida maʼlumot beradilar.

Finlandiyalik olim Kari Yokela (Kari Jokela) telefondan nurlanish birinchi galda hujayralar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi haqida yozadi. Rossiyalik olimlar sichqonlarda oʻtkazgan tadqiqotlari jarayonida mobil telefonidan odatdagiga qaraganda 20 barobar nurlanishni kuchaytirganda, ularning koʻrish qobiliyatlariga juda yomon taʼsir koʻrsatganligi toʻgʻrisida yozadilar.

Londonda chiqadigan Independent gazetasida doktor Vini Kurana mobil telefonning salbiy taʼsiri tufayli yuzaga kelayotgan miya raki toʻgʻrisida oʻz fikrini bildirib, uni “Hukm” deya ataydi. Agar bunday holatlarga chora koʻrilmasa, yaqin 10-yil davomida butun dunyo boʻyicha xavfli oʻsma kasalligi koʻrsatkichi oʻsishi mumkinligini ogohlantirmoqda.

Jahon miqyosida 1,6 mlrd. aholi cheksa, 4,6 mlrd. aholi mobil telefonidan foydalanmoqda. Ushbu salbiy taʼsir bolalarda koʻproq kuzatiladi, sababi – birinchidan bola miyasi kichkina, ikkinchidan bosh suyagi hali moʻrtroq, uchinchidan esa faol rivojlanish davrida boʻladi.

70 foiz telefondan foydalanuvchilar kuniga 30 daqiqadan koʻp gaplashadilar. 30 foiz kishi 2 tadan telefon olib yuradi. 40 foiz odam kechasi uxlaganda telefonni tananing bosh qisimidan 70 sm. uzoqlikda saqlaydi. Atigi 20 foiz foydalanuvchi uning zarari toʻgʻrisida biladi. XX

Agar eʼtibor bersak hozirgi kunga kelib bolalar mobil telefonlaridan asosan turli oʻyinlarni oʻynashda foydalanmoqdalar. Mutaxassislarni fikricha bolalar orasida “Sefrovoy autizim” kasalligiga chalinish hollari kuzatilib, umuman tashqi muhitda boʻlayotgan yangilik va oʻzgarishlarga eʼtiborsiz ekanligini koʻrishimiz mumkin. Bunday bolalarda nevroz kasalligini turli koʻrinishlari namoyon boʻlishi mumkin.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, bolalar oʻrtasida yildan yilga ortib borayotgan salbiy odatlarni oldini olish va yetarli tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Chunki bu salbiy odatlarni salbiy taʼsirini hech kim inkor eta olmaydi. Shuning uchun oʻsib kelayotgan yosh avlodni bu odatlarni zararlaridan himoya qilishimiz darkor.

Irodaxon Karimova,

OʻzMU Biologiya fakulteti dotsenti,

Zuhraxon Xolboʻtayeva,

Chirchiq shahar kasb-hunar maktabi biologiya fani oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?