Saksovulzorlar muvozanati

18:05 03 Dekabr 2021 Jamiyat
222 0

Foto: "Xalq so'zi"

Sayyoramizdagi har bir jonzot va  har bir giyohning oʻz oʻrni bor. Tabiat  ular miqdorini shu darajada mukammal belgilaganki, zarracha ogʻish  bir qator tashvishlarni tugʻdiradi. Bir soʻz bilan aytganda,  mutanosiblik koʻzimizga koʻrinayotgan va koʻrinmayotgan barcha moddiyatga, jumladan, sahroi biyobonlarga ham zarur.

Qizilqum biyobonlari Navoiy viloyati hududida sakkiz million gektardan oshiq maydonni tashkil etadi. Choʻlning injiq tabiati zabtiga sanoqli turdagi jonivor va giyohlargina dosh bera oladi. Shularning  ichida saksovul eng chidamlisi hisoblanib, sahro yozining jaziramasiyu qish chillasining  rutubati unga kor emas. Boisi saksovullarda suvtalab  barglar deyarli yoʻq — bu vazifani uning bir yillik novdalari oʻtaydi.

—  Aynan shu novdalar  yordamida bir gektar maydondagi saksovul bir oy mobaynida 70 kub metr kislorod ishlab chiqarish qudratiga ega, — deydi viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Egamqulov. — Shuningdek, uning namlikkacha yetgan ildizlari orqali tegrasidagi ikki kvadrat metr  atrofida mavsumiy giyohlar oziqlanadi.

Saksovulni oʻziga xos biolaboratoriyaga ham qiyoslash mumkin. Uning tanasida jon saqlab koʻpaygan trixogrammalar choʻlni bir qator zararli hashoratlardan tozalaydi.

— Eng muhimi,  saksovul kuchli shamolda  qum koʻchishlarini susaytirib, madaniy hudud va adirliklarni uning toʻfonidan  asraydi, — deydi B. Egamqulov. — Shuningdek, saksovul choʻl sharoitida mol ozuqasi ham hisoblanadi. U bahor paytida koʻklaydi, kuzga borib don soladi.Keyin oktyabr oylarida donni toʻkkan paytlarida  yaylovdagi qoʻy-qoʻzilarimiz shu donni yeb oʻzlarini qish oldidan tiklab oladi.

Xullas, ana shunday beqiyos xususiyatlarga ega oʻsimlikni asrab-avaylash va  koʻpaytirishni hayotning oʻzi taqozo etadi. Shu boisdan bu yumushga davlat miqyosida eʼtibor qaratilib,  Navoiyda ham viloyat oʻrmon xoʻjaliklari oldiga ham bir qator masʼuliyatli vazifalar qoʻyilgan.

—  Vazirlar Maxkamasining 2020-yil 24-noyabrdagi  “Respublika hududlarida oʻrmonzorlar, shuningdek, Orol dengizi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2021-yilda viloyat boʻyicha jami 63 075 gektar yer maydonida,  shundan 61 ming gektari Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi hududida yangidan oʻrmon barpo qilish vazifasi belgilangan edi, — deydi  viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi oʻrmon kadastrining yetakchi mutaxassisi Asqar Asadov. —  Amalda joriy yil  bahor mavsumida jami 44 016 gektarga, jumladan, 43 ming  gektarga  choʻl oʻsimliyelaridan saksovul, cherkez, qandim ekildi. Shuningdek, 920 gektarga yongʻoq mevali (pista, bodom), 57 gektarga terak, pavlovniya va boshqa turdagi daraxtlardan iborat   oʻrmon barpo qilish ishlari  bajarildi.  Hozirgi kunda Tomdi, Konimex va Uchquduq davlat oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan choʻl oʻsimliklari urugʻlari yigʻilib, yerni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Endi saksovulzorlarni asrash va qoʻriqlash bilan bogʻliq ayrim mulohazalar. Maʼlumki, saksovulning yana bir muhim xususiyati shuki, u yoqilganda kuchli issiqlik beradi.  Choʻgʻining soʻnmasligi jihatidan u koʻmirgagina oʻrin berib, shu tufayli har doim saksovulzorlarga tabiiy omillardan koʻra insonlar tomonidan  koʻproq ziyon yetmoqda. Joriy yilda ham viloyat boʻyicha bir necha oʻnlab  holatda  mutasaddi idoralar tomonidan  saksovullarni oʻtin uchun noqonuniy olib ketish holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrildi.

Albatta, bu taʼsir choralari oʻz kuchini koʻrsatadi. Biroq   saksovulzorlar kamayib borayotgani bilan bogʻliq oqibatlarga  navoiyliklar ham shu kecha-kunduzda guvoh boʻlmoqda, desak yanglishmaymiz. Zero, atrof-muhit muvozanatiga yetkazilgan zarar bashorat qilib boʻlmas darajadagi noxushliklarga olib kelishi mumkin.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?