Sakson toʻrt yoshli bemorda aortal klapan implantatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi

19:45 14 Iyun 2022 Jamiyat
281 0

Tomir orqali amalga oshiriladigan aortal klapan implantatsiyasi yuqori texnologik jarrohlik operatsiyasi hisoblanadi.

U bemorning koʻkrak qafasini ochmagan holda, chuqur umumiy narkozsiz, oyoq-son arteriyasiga maxsus kateterlarni kiritish yordamida bajariladi.

Amaliyot, asosan, aortal klapanning kritik torayishi kuzatilgan katta yoshli kishilarda, ochiq turdagi anʼanaviy operatsiyalarga qarshi koʻrsatmalar boʻlganda oʻtkaziladi.

Bu muolaja usuli respublikamizda 30-martaga yaqin, viloyatlar kesimida esa soʻnggi ikki yilda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida ikki marotaba bajarilgan.

Navbatdagi shunday yuqori texnologik operatsiya akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida oʻtkazildi.

Unga mazkur muassasa boʻlim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Mirjamol Zufarov, Moskvadagi A.L.Myasnikov nomidagi kardiologiya markazi professori Timur Imayev va tibbiyot fanlari doktori Nabijon Yoʻldoshev boshchilik qildi.

Eng muhimi, amaliyot natijasida 84 yoshli bemor otaxon bir necha yillik ogʻir darddan xalos boʻldi.

— Operatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi, — deydi N. Yoʻldoshev. — Bemorning aortal klapan koʻrsatkichlari jarrohlik xonasining oʻzidayoq yaxshilandi. Mahalliy va xorijlik mutaxassislar hamkorligi tufayli otaxon yaqinlari bagʻriga sogʻ-salomat qaytadigan boʻldi.

Kelgusida bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari yurtimizning barcha hududlarida bajarilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?