Saxovat benazir qadriyat: tabassum yarashadi senga bolajon!
Jilmayib turgan bolajonga qarab beixtiyor tabassum qilmagan inson boʻlmasa kerak. Ularning samimiy va pokiza nigohlari, kulgilari oʻz-oʻzidan qalblarga koʻchadi va bir zumda aksini beradi. Aksincha gʻamgin nigohlari dillarni yaralaydi. Maʼsum chehrasida shodlik iforini koʻrish uchun dunyolarni berging keladi.
Fargʻona viloyatida istiqomat qilib kelayotgan Muxamet Moʻminov, Arlen Xayruddinov, Muhammadaziz Esojonov, Asilbek Ahmadjonov, Azizbek Abduhamidov singari bolajonlarga bugun oʻzgacha kun boʻldi. Ularning yaqinlari mehribonlari davrasida xatna toʻylar tantana qilindi. Bu saxovat tadbiriga Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi Fargʻona viloyat hududiy boʻlimi, Oʻzbekiston “Adolat” SDP hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bosh qoʻshdilar. Mehru muruvvatga toʻlgan ajib toʻy Fargʻona shahridagi “Palma” kafesining ochiq maydonida karantin talablariga rioya etilgan holda oʻtkazildi.
Egniga zarbof toʻn kiyib, kulib turgan murgʻak qalb egalari afsuski, nogironligi boʻlgan bolajonlar, kam taʼminlangan oilalar farzandlari. Ularning yuziga tabassum, qalbiga mehr ulashish niyatida Xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashi deputati Sherzod Karimov boshchiligida Oʻzbekiston “Adolat” partiya deputatlari toʻyning shukuhli oʻtkazilishiga hissa qoʻshdilar. Bayram dasturxoni yozilib, bolalar uchun manzur shirinliklar bilan toʻldirildi. Turli esdalik sovgʻalari, oʻyinchoqlar hamda pul mablagʻlari berildi. Multfilm qahramonlari libosida qoʻgʻirchoq teatrining aktyorlari begʻubor qalblariga yana-da quvonch ulashdilar.
— Nabiram Javohir Ziyovutdinov 8 yoshda, — deydi buvisi Sharofat Mamatisayeva. — Unga ezgu niyat bilan hatna toʻyi qilmoqchi edik. Shukurki bizlarning bu niyatimiz ezgu qalb insonlar koʻmagida amalga oshdi. Ularga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Elimiz suygan sanʼatkorlar, yosh isteʼdod egalari, turli raqs dastalari, xonanda Otabek Muhammadzoxid oʻz chiqishlari bilan davraga fayz kiritdi. Bolajonlar, ularning ota-onalari, yaqinlari dilbar kuy-navolarga raqsga tushdilar.
— Bolajonlarimiz uchun bugun ajoyib tadbir tashkillanibdi, — deydi Sanjarbek Haydarovning onasi Dildora Joʻrayeva. – Ularning quvonchini koʻrib, biz ham shodlandik. Oʻgʻlim garchi imkoniyati cheklangan boʻlsa ham, Toshloq tumanining 30-sonli umumtaʼlim maktabida tahsil oladi. U bilan faxrlanaman. Tengdoshlaridan qolishmay aʼlo baholarga oʻqishga harakat qiladi. Matematika faniga qiziqadi. Kelajakda oʻqituvchi boʻlishni niyat qilgan.
Hech kim mehr-eʼtibordan chetda emas. Pandemik vaziyat tufayli kamtaringina toʻy boʻlib oʻtgan boʻlsa-da, ezgu niyatlar bilan bolajonlarga tilaklar bildirildi. Nuroniy otaxon-onaxonlar tomonidan unib-oʻsishlari, kelgusida davlatimiz, oilasi uchun ezgu amallarni bajarishliklari tilanib duo qilindi. Bizlarga ham bularning ijobatini koʻrish nasib etsin.
Kamola POLVONOVA,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP Fargʻona viloyat Kengashi
matbuot kotibi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bollivud yulduzi Mumbaydagi uyida pichoqlab ketildi
- HAMAS va Isroil oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib oldi
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi
- Bir xum tilla topib olindi. Ushbu xazinada Gʻarbiy Rim imperiyasi imperatorining suratlari tushirilgan 141 dona oltin tanga bor
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring