Saken Polatov Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi

12:24 03 May 2021 Sport
258 0

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroiya Qoʻmitasi aʼzosi, Osiyoda boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash fondi rahbari Saken Polatov Osiyo boks konfederatsiyasining vitse-prezidenti lavozimiga saylandi. Bu haqida tashkilot matbuot xizmati ham rasman eʼlon qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov dam olish kunlari oʻtkazilgan Ijroiya Qoʻmitasi aʼzolari yigʻilishidagi ovoz berish jarayonida nomzodlar orasida katta farq bilan gʻalaba qozongan hamda Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylangan. Bugundan Saken Polatov rasman Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti hisoblanadi.

Saken Polatov 2019-yilning aprel oyida Bangkokda oʻtkazilgan ASBC Bosh assambleyasi davomida Ijroiya Qoʻmita aʼzoligiga saylangan edi.

2020-yilning dekabr oyidan boshlab Osiyoda boksni rivojlantirish jamgʻarmasi rahbari etib tayinlangan. Ushbu fond Osiyoda boksni rivojlantirish, kelajakda uzoq muddatli muvaffaqiyatlarga erishish maqsadida ASBC prezidenti Anas Alotaiba tomonidan taʼsis etilgan. Ushbu fond aprel oyida Toshkentda oʻtkazilgan boks oqshomidan soʻng “Hilton” mehmonxonasida oʻzining dastlabki yigʻilishini oʻtkazgandi.

Osiyoda boksni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash fondi rahbari Saken Polatovning fikricha, tizimni doimiy monitoring qilish, qayta aloqa va nazorat ishni tashkil etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston boks federatsiyasi Polshaning Kelse shahrida oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida fantastik natija qayd etdi va uchta oltin medal qoʻlga kiritdi. Ular qatorida ayollar boksi oltin medali ham bor. Nigina Oʻktamova, Shahzod Muzaffarov va Jahongir Zokirov Kelseda oltin medalga ega chiqdi.

Oʻzbekiston kattalar terma jamoasi esa Sankt-Peterburgdagi “Gubernator Kubogi”da toʻrtta oltin medalni qoʻlga kiritdi. Ular hozirda 21-may kuni Dubayda boshlanadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik koʻrishmoqda, deya ushbu bayonotga yakun yasagan ASBC matbuot xizmati.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?