Sayyora Tojiyeva — Qashqadaryoning eng ishbilarmon ayoli

14:40 19 Avgust 2022 Jamiyat
292 0

Foto: Xalq so‘zi

“Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining Qashqadaryo viloyat bosqichida Qamashi tumanidagi “Mohichehra Ahmedova” oilaviy korxonasi rahbari Sayyor Tojiyeva gʻolib chiqqani ayrimlarni hayron qoldirgani rost. Chunki chekka qishloqda yashayotgan bu ayol hali koʻpchilikka tanish emas edi. Biroq tanlov jarayonida uning faoliyati, maqsad va rejalari bilan yaqindan tanishgan borki, S. Tojiyevaning peshqadamlikka munosib ekanini eʼtirof etdi.

— Intilgan odam, albatta, maqsadiga yetar ekan, — deydi Sayyora Tojiyeva. — Buni men oʻz hayotiy tajribamda sinovdan oʻtkazdim. Bir paytlar oddiygina qoʻl bilan ishlatiladigan tikuv mashinamda tunni tongga ulab, buyurtmalarni bajarar edim. Oʻshanda men maktab formalarini tikkanman. Keyinchalik kelin liboslari, zamonaviy bichimdagi ayollar koʻylaklarini tikishga oʻtdim. “Men ham tikuvchilik sexi ochaman, qoʻlimda 10-15 ta chevar ishlaydi, elektr bilan ishlaydigan tikuv mashinalari sotib olaman”, deb orzu qilardim. Bugungi kunda shu orzumga yetdim, 15 nafar chevar ishlaydigan tikuvchilik sexim ishlab turibdi. Bandlik markazi tomonidan 2021-yilda oʻquv markazi ochdim. Yaqinda 48 nafar “Ayollar daftarida” turgan opa-singillarimiz oʻquv markazida tahsil olib, sertifikatga ega boʻldi.

Sayyora Tojiyeva faoliyati keng qamrovli ekan. U gilamchilik, kashtalik, popukchilik va milliy hunarmandchilikning qadimiy anʼanalarini ham davom ettirmoqda. Uning sexida toʻqilayotgan gilamlar xorijliklar tomonidan qoʻlma-qoʻl boʻlib ketyapti.

Darvoqe, “Ishbilarmon ayol-2022” tanlovida ikkinchi oʻrin shahrisabzlik hunarmand Zuhra Xayrullayevaga nasib etdi. Uchinchi oʻringa esa Kitob tumanidagi «Koʻkchinor» fermer xoʻjaligi rahbari Zarifa Xidirova sazovor boʻldi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?